Ushbu oylik davomida Urganch davlat universitetida ham turli tanlovlar, viktorinalar, festivallar, intellektual oʻyinlar, sport musobaqalari, milliy koʻrgazmalar tashkil etilishi rejalashtirilgan boʻlib, ushbu tadbirlar yuqori kayfiyatda boshlab yuborildi.
Jumladan, Urganch davlat universitetida yoshlarni sogʻlom turmush tarzi va sportga jalb qilish borasidagi ishlarni uzviy davomi sifatida joriy yil 2-6-iyun kunlari “Rektor kubogi” sport musobaqasining yigitlar oʻrtasida futbol boʻyicha, qizlar oʻrtasida voleybol boʻyicha oʻyinlari boʻlib oʻtdi.
Mazkur musobaqa mingdan ortiq talaba-yoshlarni oʻz atrofiga jamladi.
Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida Urganch davlat universiteti rektori Bahrom Abdullayev tomonidan voleybol va futbol boʻyicha eng kuchli deb topilgan gʻolib jamoalarga diplom va medallar, esdalik sovgʻalari hamda asosiy sovrin “Rektor kubogi” tantanali topshirilgani talabalarni nafaqat oʻziga boʻlgan ishonchini orttirdi, balki bu kabi musobaqalarda yanada faol boʻlishga undadi. Taqdirlash marosimi yuqori kayfiyatda, bayramona shukuhda oʻtdi. Davomiy kuy-qoʻshiqlar, goʻzal raqslarga boy boʻlgan oqshom tadbirda ishtirok etayotgan mingga yaqin talaba-yoshlarning dillariga olam-olam zavq bagʻishladi.
“Yoshlar oyligi” doirasidagi yana bir oʻziga xos tadbir “Karyera kuni” mehnat yarmarkasidir.
Yaqin kunlarda minglab bitiruvchilar universitetni tamomlab, mehnat bozori sari yoʻl oladi. Shu munosabat bilan ularga yangi imkoniyatlarni taqdim etish, bandligini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda 7-iyun kuni Urganch davlat universitetida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Taʼkidlash joizki, Urganch davlat universitetini 2022/2023 oʻquv yilida jami 8120 nafar talabalar bitirishi kutilmoqda. Ularni munosib ish oʻrni bilan taʼminlash maqsadida tashkil etilgan yarmarkada 3 ming nafardan ziyod talabalar ishtirok etdi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining barcha tuman va shaharlaridagi boʻlimlariga qarashli tashkilot va korxonalar 2377 ta vakant boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etgan yarmarkada 264 nafar talabalar bilan suhbat oʻtkazilib, ishlashga tavsiya etildi.
Yoshlar qalbida milliy urf-odatlarimiz hamda qadriyatlarimizga boʻlgan mehr-muhabbatni kuchaytirish, talaba-qizlarning estetik didini oʻstirish va milliy liboslarimizga boʻlgan qiziqishini yanada kuchaytirish maqsadida joriy 8-iyun kuni “Yoshlar oyligi” doirasida “Qadriyat, urf-odat, anʼana va yoshlar” shiori ostidagi festivali kun tartibidan oʻrin olgan “Isteʼdod, iqtidor va ragʻbat” nomli koʻrik-tanlov boʻlib oʻtdi.
Ushbu festival yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyat va anʼanalarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, xalqimizning boy madaniy-maʼnaviy merosini asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tanlovda Urganch davlat universitetining 25 nafar iqtidorli va isteʼdodli qizlari har sohada oʻz isteʼdodlarini namoyon qildi. Yakunda esa tanlov ishtirokchilari turli nominatsiyalar boʻyicha baholanib, munosib taqdirlandi. Ushbu festival doirasidagi tadbirlar milliy liboslar, milliy oʻyinlar, milliy urf-odatlar koʻrgazmalari bilan davom etadi.
Bundan tashqari, 30-iyun — “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida “Yoshlar oyligi” doirasida Urganch davlat universiteti talabalari oʻrtasida jahon badiiy adabiyotlari asosida viktorina oʻyinlarini oʻtkazish, talabalar turar joyida mushoira kechasi oʻtkazish, kitoblar yarmarkasini tashkil etish, “Talant shou” dasturi doirasida madaniy tadbirlarni tashkil etish, “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvlarini oʻtkazish, “Zamonamiz qahramonlari” bilan ochiq muloqotlar oʻtkazish, sportning shaxmat, stol tennisi, badminton, armrestling, stritbol, vorkaut turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, yangilangan Konstitutsiya targʻibotini tashkil etish, “Hokim va bitiruvchi yoshlar” uchrashuvi va oy yakunida esa Gala konsert dasturini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Universitetimizda milliy qadriyatlarimiz, anʼana va urf-odatlarimiz, maʼnaviy merosimizni keng targʻib qiladigan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, koʻrik-tanlovlar, badiiy koʻrgazmalar, kitobxonlik kechalari va sport musobaqalarini muntazam ravishda tashkil qilib, talaba-yoshlarimizni ularga keng jalb qila olsak, oʻylaymanki, ulardagi qiziqishni orttirishga va isteʼdodlarini shakllantirgan holda, keng namoyon qilishlariga sharoit yaratgan boʻlamiz. Albatta, bular amalga oshirishimiz zarur boʻlgan vazifalarimizning bir boʻlagi xolos.
Sanjarbek Davletov
Urganch davlat universiteti
Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy
ishlar boʻyicha birinchi prorektori,
tarix fanlari doktori, professor.