Aniq fanlar yurtning ilmiy taraqqiyotida moʻjizalar yaratadi, adabiyot esa haqiqiy vatanparvarlarni tarbiyalaydi, voyaga yetkazadi. Kitob barcha yaxshi xulq hamda mukammal bilimlar asosi.
Har
qanday millatning buyukligi, avvalo, uning ilmga munosabati va kitobxonlik madaniyatida
yaqqol namoyon boʻladi. Ulugʻ mutafakkirlarimiz — Imom Buxoriyning “Al-jome as-sahih”,
Imom Termiziyning “Sunani Termiziy”, Muhammad Xorazmiyning “Al-jabr val muqobala”,
Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Abu Rayhon Beruniyning “Sayohatnoma”, Alisher
Navoiyning “Xamsa”, Mirzo Ulugʻbekning “Ziji jadidi Koʻragoniy” kabi asarlari qadimiy
turkiy maʼrifatning shoh asarlari boʻlgan.
Inson
tafakkurini va dunyoqarashini oʻzgartirib yuboradigan, ezgu maqsadlar sari yoʻllaydigan
adabiyotlarni oʻqish, tahlil va targʻib qilish masalasining davlat siyosati darajasiga
koʻtarilishi esa yangi Oʻzbekiston kelajagi uchun strategik investitsiya boʻlib,
bilimdon yoshlarning oltin fondini yaratishga keng yoʻl ochmoqda.
Yaqindagina
Xalqaro kongress markazida Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha umummilliy
harakatga start berish marosimida ishtirok etdim.
Maʼlumotlar yashin tezligida yangilanib, globallashib borayotgan,
turli gadjetlar va sunʼiy intellekt raqamlashgan dunyoga keskin taʼsir qilayotgan
hozirgi davrda kitobga, mutolaaga bunday eʼtibor ertaga, albatta, katta natijalarini
beradi.
Kitob
oʻqimagan odam fikrlashdan toʻxtaydi. Fikrlamagan, tafakkur qilmagan odamning
esa jamiyatga foydasi kam. Shuning uchun ham barcha bunyodkorlikning va ilmu
donishning asosi kitobdir, deymiz.
Davlatimiz
rahbari mazkur harakat mamlakatimizning barcha hududini qamrab olishi, umumtaʼlim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha boʻlgan oʻquvchilari mutolaa
tanlovlarida ishtirok etishini eʼlon qilganida ayni loyihaning koʻlami va
ertaga qanday samara berishi haqidagi tasavvur barcha ziyolilarga qanot
bagʻishladi.
Tanlov
oʻtgan 9 yilda 5 millionga yaqin yoshni qamrab oldi. 2022-yilda ushbu tanlovda
ishtirok etish istagini bildirgan yoshlar soni 640 ming, 2023-yilda 805 ming,
2024-yilda 913 mingni tashkil etdi. Bu yil esa rekord darajada — 950 ming
oʻgʻil-qiz qatnashdi.
Yurtimizda yoshlarning qalbini ulgʻaytiradigan,
dunyoqarashini kengaytiradigan va ziyoli insonlar boʻlib yetishishiga kuch
beradigan imkoniyatlar juda koʻp. Mazkur tanlov ana shunday imkoniyatlardan.
Unda kitob bor, demak, unda maʼrifat, tafakkur va ezgulik mujassam. Ana shu
uch tushunchaga oshno inson hayotda, albatta, oʻz oʻrnini topadi.
Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida yuzaga kelgan mazkur
tanlov tufayli kitob oʻqigan inson hayotda bemalol oʻz oʻrnini topa olishi
hamda boshqalardan kam boʻlmasligi oʻz isbotini topmoqda.
Ulugʻlar
aytganidek, “Bir insonning saboti butun millatni isloh qilishga qodir” ekani va
bu qutlugʻ harakat yangi nomlarni kashf etishi tayindir.
* * *
Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari bilan birga
mamlakatning barcha hududidan toʻplangan uch yosh toifasidagi jami 42 nafar
hududiy gʻolib hamrohligida biz, hakamlar hayʼati aʼzolari Bekobod sari yoʻl
oldik. Bekoboddagi
kitobxonlik tanloviga koʻrilgan tayyorgarlikni koʻrib, koʻzimiz quvnadi.
Bekobodliklarning aytishicha, tuman ahli bu tanlovga bir yil davomida
tayyorgarlik koʻrgan. Ixtisoslashtirilgan maktab eng zamonaviy qulayliklar
asosida hozirlangan boʻlib, ota-onalar hamda ishtirokchilar uchun tayyorgarlik
xonalari, yotoqxona va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uchun sharoitlar poytaxtdagidek
yuqori saviyada yaratilgan.
Deputat Yoqutxon Moʻminovaning taʼkidlashicha, “Har
maktabga 100 kitob” tashabbusi doirasida yil davomida tumandagi 60 ta
umumtaʼlim va 3 ta xususiy maktabga jami 20 mingga yaqin adabiyot sovgʻa
qilingan. Ushbu
adabiyotlar har bir maktabga 500 dan ziyod akademik, olim, shoir, yozuvchi va
jurnalistlarning dastxati bilan topshirildi. Shuningdek, 51 mahallada
kutubxonalar ochilib, aholining mutolaa qilishi uchun zarur sharoit
yaratilmoqda. Biz mahallalardagi kitob fondlari va qulayliklarni koʻzimiz bilan
koʻrdik, kitobxon onaxonlar bilan qizgʻin suhbatlar qurdik.
Tumandagi
42-maktabning 7-sinf oʻquvchisi Odinaxon
Suvonqulova “Yosh kitobxon — Kids” respublika tanlovida 1-oʻrinni
egallab, tuman yoshlarining eng faol kitobxoniga aylanibdi. Kitobxon qizning
xonadonida 5000 ta kitobdan iborat kutubxona tashkil etishga esa tuman faollari
bevosita bosh-qosh boʻlibdi.
Bekobod
markaziy kutubxonasi qurib bitkazildi va yaqin kunlarda — yurtimiz
mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida kitobxonlarga foydalanish uchun
topshiriladi. Shuning uchun ham “Yosh kitobxon” respublika tanlovining final
bosqichiga aynan Bekobodda start berildi!
“Afsona”
yoshlar bogʻida milliy libosda, nonu tuz bilan kutib olgan tumanning barcha
yoshlar yetakchilari tanlov oxirigacha — bellashuv jarayonlarida biz bilan
birga boʻldi.
Ilm — insoniyat
gavhari
Shunday
qilib, bellashuv boshlandi. Nizomga asosan, tanlov besh bosqichda tashkil
etildi: birinchisi — arizalar qabul qilish va mahalla bosqichi, ikkinchisi —
sektor bosqichi, uchinchisi — tuman (shahar) bosqichi, toʻrtinchisi — hududiy
(Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqich,
beshinchisi esa respublika bosqichi. Finalda “Badiiy asarlar bilimdoni”,
“Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adiblar asarlari bayoni”,
“Sheʼriyat” hamda “Kvest” shartlari asosida murosasiz bellashuvlar boʻlib
oʻtdi.
Tanlov
ishtirokchilari Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Mirzo
Ulugʻbek singari ulugʻ mutafakkirlarimizning hayoti va ijodidan, shuningdek,
Jek London, Gabriel Garsia Markes, Mark Tven, Lev Tolstoy, Toʻlepbergen
Qaipberganov, Ibroyim Yusupov, Kengesboy Karimov kabi xorij va qardosh adabiyot
vakillari, qolaversa, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov,
Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzayev, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim, Shavkat
Rahmon, Muhammad Yusuf, Tursunboy Adashboyev, Dilshod Rajab singari oʻzbek
adabiyoti dargʻalarining asarlarini tahlil qildi hamda asar qahramonlarining
ibratli ishlari haqida toʻlib-toshib gapirib berdi.
Yoshlarning
dostonlardagi afsonaviy qahramonlar kechinmalarini, mumtoz adabiyot vakillari
asarlaridagi inson shijoati va sabru toqatini, qardosh xalqlar adabiyoti
dargʻalari tasvirlagan taqdir zarbalariga mardonavor yuz tutgan zamondoshlar
hayotini, jadid bobolarimizning el savodxonligi yoʻlidagi yorqin amallarini,
atoqli shoirlarimizning oʻtli sheʼriy misralarini hamda bolalar adabiyotining
sara asarlaridagi satrlarni kattalardek hayotiy misollar orqali bugungi
islohotlarga bogʻlab soʻzlab berishi juda maroqli kechdi.
Ishtirokchilarning
eng kichigi 10, eng kattasi esa 29 yoshda. Oʻn yoshli bolalar 40-50 tagacha
kitob oʻqib, mushohada va tahlil qilib berdi. Bular oddiy kitoblar emas, balki
jahon adabiyoti durdonalari hamda oʻzbek adabiyotining sara asarlaridir.
Shuningdek, ular murakkab insholar yozdi, turli tezkor savollarga javob berdi.
Koʻrinib turibdiki, bu tanlov bolalar, oʻsmirlar va balogʻat yoshidagi
kitobxonlarni katta sahnalarda oʻz mustaqil fikrini dadil himoya qilishga oʻrgatgani,
kitob ularning ongu shuurida oʻziga ishonch, dadillik va mahorat olib kirganini
koʻrsatib bergani bilan gʻoyat ahamiyatlidir.
Tanlov
ishtirokchilarining dil soʻzlari samimiy va hayajonli. “Kitob oʻqish orqali
insonning ongi oʻsadi, madaniyati yuksaladi. Yoshlar kitobga muhabbatini mana
shu tanlovdan topishi mumkin”, deydi tanlov ishtirokchisi Rayhona Abdualimova.
Yana bir ishtirokchi Charos Kamolova esa “Tanlov menga vaqtimni tejashni
oʻrgatdi. Vaqtimni toʻgʻri boshqarishni oʻrgandim. Har bir insonning oʻz
dunyosi boʻladi. Ushbu tanlov tufayli dunyoqarashim kengaydi, nutqim
ravonlashdi va eng muhimi, mustaqil fikrlashni oʻrgandim”, deb fikrini
bildirdi.
Onalari
bilimdon mamlakatning bolalari ham bilimdon boʻladi. “Bizga yaxshi onalarni
bering, shunda biz yaxshi insonlar boʻlib yetishamiz. Chunki onalar millatning
birinchi tarbiyachilaridir” degan mashhur soʻzlar bejiz aytilmagan. Namanganlik
ishtirokchi Abdulazizning onasi Naima Yigitaliyeva farzandi bilan birga 40 ta
badiiy asarni oʻqib, tahlil qilib chiqqan.
— Bunday tanlovlar bolalarga juda katta imkoniyatlar eshigini
ochmoqda. Prezidentimizning ushbu tashabbusi xalqimizni kitobxon millatga
aylantirmoqda. Kitob oʻqish orqali oʻgʻlim Abdulaziz respublika miqyosidagi
katta tanlovlarda gʻolib boʻlib, yuqori natijalarga erishyapti. Ushbu tanlovda
5 yil qatnashib, beshinchi yili respublika bosqichiga yetib keldi, — deydi u.
— Oilada katta farzand kitob oʻqiy boshladimi, unga ota-ona hamkorlik qildimi,
keyingi farzandlar ham unga ergashadi hamda oilada kitobxonlik muhiti
shakllanadi. Bola kitob oʻqishi uchun, avvalo, onaning oʻzi kitob oʻqishi
kerak. Men oʻgʻlim bilan 40 ta kitobni tengma-teng, yelkama-yelka oʻqib
chiqdim. Ular boʻyicha savol-javob, muhokama qildik hamda bugungi hayotga
bogʻladik. “Mana shu asar senga nima beryapti?ʻ deb
avval uning fikrini soʻrayman. Keyin birgalashib xulosani umumlashtiramiz. Bu
odat farzandimda katta ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Chunki u endi oʻz
soʻzini dadil ayta oladi, nooʻrin fikrlarga koʻr-koʻrona qoʻshilmaydi. Eng
asosiysi, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olishiga mustahkam ishonchi bor.
Bu
yerda eng bilimdon, eng zoʻrlar tanlanadi. Chunki Prezident sovgʻasi boʻlmish
avtomobilni qoʻlga kiritish oson emas. Badiiy va mantiqiy fikrlash, insho
yozish shartlari mavjud. Inshoni kim yaxshi yoza oladi? Albatta, koʻp asar
oʻqigan bola! Bu tanlov ishtirokchilarning barcha qobiliyatini sinovdan
oʻtkazmoqda. Ota-onasi kitob oʻqigan bolagina kitob oʻqiydi. 10-14 yoshlilar
toifasi ishtirokchisi Navbahorning ustozi, Qiziltepa tumanidagi 14-maktabning
ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Ustazoda Ostonovaning mulohazalari buyuk
mutafakkir Yusuf Xos Hojibning “Dunyoda ikki turli inson haqiqiy inson
sanaladi: biri oʻrgatuvchi, yana biri oʻrganuvchi” degan hikmatidagi bir olam maʼnoni
eslatgandek boʻldi.
Adolat mezonlari
Tanlov
jarayonida adolat mezonlari asosiy oʻrinni egallaydi. Bunday tanlovning qiyosi,
muqobili boshqa mamlakatlarda yoʻq. Bu tanlov mamlakatimiz rahbarining bevosita
nazarida turar ekan, biz uni har jihatdan taraqqiy ettirishimiz,
ishtirokchilarni har doim toʻgʻri va adolatli baholab, chin maʼnodagi haqiqiy
kitobxonni topib, unga Prezident sovgʻasini taqdim etmogʻimiz lozim.
—
Muhim bir jihati borki, biz kitob oʻqiyotgan bu yoshlarni tanlov mutlaqo
adolatli, xolis, ochiq-oydin va shaffof holatda oʻtkazilayotganiga ishontira
oldik. Biz uchun eng katta mukofot shudir, — deydi hakamlar hayʼati raisi,
professor Bahodir Karimov. — Qayerda kitobxon yigʻiladigan boʻlsa, qayerda
kitob haqida fikr aytilsa va qaysi hududda kitob borasida tadbir tashkil
etilib, oʻsha yerda yosh kitobxonlar jamlanib, ularning yonida hakamlar paydo
boʻlsa, oʻsha joy mamlakatning maʼnaviy markazi sanaladi. Men bugun Bekobodni
ana shunday markaz deb bilaman. Chunki biz tanlovni poytaxtimizda qanday
oʻtkazgan boʻlsak, bu yerda ham xuddi shu darajada — yuqori saviyada tashkil
qilingan. Mamlakatimizning 14 hududidan kelgan bolalar Bekobodda tashkil
etilgan ushbu tanlov haqidagi yorqin taassurotlarini oʻzlari bilan birga olib
ketadi va buni umrbod faxr bilan gapirib yuradi.
Shundan
soʻng Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukurga
yuzlandik.
—
10-14 yosh toifasidagi bolalar birinchi sinov sharti — “Badiiy asar bilimdoni”
shartini bajarishdi, — deydi u. — Bu shartda 300 betli kitobdan 5-6 satrli matn
oʻqib eshittiriladi. Bola esa bu matn qaysi asardan olingani va uning muallifi
kim ekanini aniq topishi kerak. 14 ishtirokchidan 11 nafari toʻgʻri javobni
topdi! Men bu tanlovda har yili qatnashaman, lekin hali bunaqa yuqori natijani
koʻrmagan edim. Bu katta koʻrsatkich. 11 bola asarning va muallifning aniq
nomini aytib, kitobni toʻliq sharhlab beryapti. Eng muhimi, biz bolalarimizning
dunyoqarashi va tafakkuri tobora oʻsib borayotganini koʻryapmiz.
Tanlov
eksperti, “Maʼrifat” gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov esa jarayonni
bunday sharhlaydi: “Hozirgi yoshlarga qarab, taraqqiyot naqadar tezlashib
ketganiga guvoh boʻlyapmiz. Oʻgʻil-qizlarimiz bolaligidanoq oʻz oldiga aniq
maqsad qoʻyishni oʻrganmoqda. Shu maʼnoda, “Yosh kitobxon” tanlovi ularga
oʻzlari tanlagan toʻgʻri yoʻl sari oʻziga xos yoʻllanma bermoqda. Bu tanlov
yoshlarga vaqtini toʻgʻri taqsimlashni, faqatgina kerakli va foydali
mashgʻulotlar bilan shugʻullanishni hamda oʻz kelajagini bolaligidanoq qurishni
oʻrgatmoqda. Ishtirokchilar soni koʻpayibgina qolmay, sifat darajasi ham oshib
bormoqda”.
Yurt iftixorlari
2017-yildan
beri oʻtkazib kelinayotgan mazkur tanlov koʻplab yangi nomlarni kashf etdi va
kitob oʻqish orqali qanday katta natijalarga erishish mumkinligini butun elga
koʻrsatdi. Oʻtgan 9 yilda yuksak bilim va qobiliyatga ega yoshlardan 26 nafari
Prezident sovgʻasi boʻlmish bosh mukofot — avtomashinalarni qoʻlga kiritdi.
Eng
iftixorlisi shundaki, mana shu gʻoliblarning oʻndan ortigʻi “El-yurt umidi”
jamgʻarmasi orqali jahonning ilgʻor OTMlari 100 taligiga kirgan nufuzli
oliygohlarda taʼlim olmoqda.
Masalan,
qoraqalpogʻistonlik yosh kitobxon Shahzoda Karimboyeva va samarqandlik gʻolib
Mohiniso Shomurodova Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan
boʻlsa, bilimdon yoshlardan Mahliyo Oʻroqova va Shohsanam Xolboyeva “Kelajak
bunyodkori” medali, andijonlik gʻoliba Fotimaxon Mamataliyeva esa “Shuhrat”
medali bilan mukofotlandi. Bu kitobxon yoshlarning isteʼdodi va zukkoligi
davlatimiz tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlanayotganidan darak beradi.
Joriy
yilgi respublika tanlovida 10-14 yosh toifasi gʻolibasi — buxorolik Farzona
Nosirova, 15-19 yosh toifasi gʻolibi — jizzaxlik Jasurbek Abdugʻafforov, 20-30
yoshlilar toifasi gʻolibasi — surxondaryolik Fazilat Diyorova Prezident
sovgʻasi — “BYD Chazor” elektromobiliga munosib koʻrildi. Ikkinchi oʻrin
sohiblariga
75 million soʻmdan, uchinchi oʻrin sohiblariga 50 million soʻmdan, qolgan
barcha ishtirokchiga esa 10 million soʻmdan pul mukofoti topshirildi.
10-14
yoshli ishtirokchilar orasida gʻolib deb topilgan Farzona Nosirova bunday
deydi:
—
Oʻzbek va qardosh xalqlarning ogʻzaki ijodini oʻrganishga ahd qilganman.
Dostonlarni, ertak va maqollarni yodlab yurardim. Onam hamda ona tili va
adabiyot oʻqituvchim bilan “Kuntugʻmish”, “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish” kabi
dostonlar borasida koʻp savol-javob qilganmiz. Bu mukofot zimmamga katta
masʼuliyat yuklaydi. Demak, hali yanada koʻp oʻqishim kerak.
15-19
yoshlilar toifasida gʻolib boʻlgan jizzaxlik ishtirokchi Jasurbek Abdugʻafforov
Prezident sovgʻasi — “BYD Chazor” elektromobilini qabul qilib olar ekan,
quvonchi ichiga sigʻmay, faxr bilan bunday deydi: “Ushbu avtomobil ota-onamga
va shoir bobomga mening sovgʻam boʻldi. Mutolaa bilan shugʻullanib, kitobga
mehr qoʻygan yoshlarni shunday yuksak mukofotlayotgan davlatimiz rahbariga ming
rahmat!”.
20-30
yoshlilar orasida gʻolib deb topilgan surxondaryolik Fazilat Diyorova esa:
“Kitobga chin muhabbat, mehnatdan qochmaslik va doimo olgʻa intilish oddiy bir
oʻqituvchining hayotiga mana shunday katta eʼtiroflarni olib kirishi haqiqat
ekan. Men bunga oʻz hayotim misolida toʻliq amin boʻldim. Prezidentimizning
tabrigidan oʻzim, butun oilam, ota-onam, qaynona-qaynotam hamda oʻquvchilarim
behad xursand boʻldik. Men kitobxonlikni va mutolaani bundan keyin ham keng
targʻib qilaman. Chunki dunyoda kitobdek beminnat doʻst yoʻq”, deydi.
Gʻoliblarning
samimiy soʻzlaridagi mehr va ishonchni koʻrib, xayolimdan bunday fikr oʻtdi:
qaysi yurtda isteʼdod va iqtidorga, yoshlarni tarbiyalash ishlariga davlat siyosati
darajasida yuksak eʼtibor qaratilar ekan, oʻsha yurtning ertasi, albatta, oydin
va porloq boʻlgay!
Zotan,
buyuk alloma Jaloliddin Rumiy taʼbiri bilan aytganda, “Hayotda muvaffaqiyat
qozonish uchun uch narsa kerak: diqqat, intizom va harakat”. Mana shu uch
mezonni oʻzi uchun shior qilib olgan gʻolib kitobxonlarimizni bugun butun yurt
olqishlamoqda.
Fikr
chigʻirigʻidan oʻtgan har bir satrning xalq koʻngliga yetib borishini
taʼminlash va yurakdan chiqqan soʻzning yurakka yetib borishiga erishish bu
yoʻlda fidokorona xizmat koʻrsatgan shoiru adiblarimizga cheksiz hurmat
ifodasidir.
Insonning maʼnaviy olamini kashf etadigan qudratli vosita boʻlmish soʻz
sanʼati — badiiy adabiyotning aslida insonshunoslik ekani, oʻsib
kelayotgan barkamol avlodimizning bu ilmga oshufta boʻlib, Vatan va yurt
tuygʻusi yuragiga oʻyib yozilgan hikmatli asarlarni mutolaa qilayotgani,
qolaversa, butun mamlakatimizning ulkan kutubxonaga aylanib borayotgani biz,
ziyolilarning koʻngliga havas va cheksiz faxr bagʻishlaydi!
Sayyora TOʻYCHIYEVA,
hakamlar hayʼati aʼzosi, professor