Eslatib oʻtamiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida oʻqituvchi va murabbiylar bilan muloqot chogʻida Billura Ikramovaning faoliyatini eʼtirof etgan edi.
“Bugungi tadbirimizda oʻzi yosh boʻlishiga qaramasdan, yuzlab oʻgʻil-qizlarimizni yuqori marralarga yetaklayotgan kogonlik qizimiz Billura Ikramova ham qatnashyapti.
Billura qizimiz top-200 talikka kiradigan Buyuk Britaniyaning Reding oliygohini bitirib, katta-katta idoralardan boʻlgan takliflarni rad etib, Romitanning eng chekka qishlogʻidagi maktabda ingliz tilidan dars bermoqda", — degan edi Prezident.
Billura muloqotda davlat rahbariga amalga oshirgan muvaffaqiyatli loyihalari va qoʻlga kiritgan natijalari haqida soʻzlab berdi.
— Toʻgʻrisi, bir nechta nufuzli tashkilotlardan ish takliflarini oldim. Ammo men uyimizdan 230 kilometr uzoqda, Xorazm viloyati hududidan 5 kilometr masofada joylashgan chekka maktabga har hafta qatnab, ingliz tili fani oʻqituvchisi sifatida ish boshladim. Bu maktabda ingliz tili fani oʻqituvchisi yoʻq ekan. Ana ikki yildan buyon oʻquvchilarim ingliz tili fanidan ilk yutuqlarga erishmoqda. Ular fan olimpiadalarida gʻolib boʻldi, til sertifikatlarini qoʻlga kiritdi, — deydi ayni paytda Romitan tumani Qizilravot qishlogʻidagi 38-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi.
Billura TESOL, ESOL va IELTS (C1) kabi nufuzli xalqaro sertifikatlar sohibi, qishloq qizlari uchun mentorlik loyihasi tashabbuskori. Uning tashabbusi bilan yirik grantlar uchun loyihalar tayyorlanib, yuzlab yoshlar xorijda taʼlim olish va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi.
Bugun bu fidoyi muallimaga yuksak ishonch ramzi va mehnatlarining eʼtirofi sifatida Prezident sovgʻasi – BYD CHAZOR avtomobili tantanali tarzda topshirildi. Prezident sovgʻasini Buxoro viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Botir Zaripov topshirdi.
— Shunga amin boʻldimki, biron bir insonning mehnati qadrlanmay qolmaydi. Mening ham kichik bir mehnatim davlat rahbari tomonidan qadr topdi, eʼtirof etildi. Shu yerda toʻplangan yoshlarga ilm olishdan hech qachon charchamanglar deyman. Agar chin dildan bilim olsangiz albatta sizning qilgan mehnatingiz yuksaklarga koʻtariladi, – deydi Billura Ikromova.








