Tuman hududidagi «Grand-Nur» bazmgohida ijtimoiy himoya reyestrida turuvchi oilalar farzandlari uchun anʼanaviy “Prezident archasi” bayrami boʻlib oʻtdi.

Bayram tadbirida Toyloq tumani hokimi Behzod Rahmatullayev ishtirok etib, soʻzga chiqdi. U oʻz nutqida barcha bolajonlarni, ularning ota-onalari va yaqinlarini yaqinlashib kelayotgan bayram bilan samimiy tabriklab, ularga mustahkam sogʻliq, baxtli bolalik, oʻqish va hayot yoʻllarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbir davomida bolajonlar uchun bayramona bezatilgan sahnada qiziqarli tomoshalar, musiqiy chiqishlar va koʻngilochar dasturlar namoyish etildi. Yangi yil qahramonlari ishtirokidagi chiqishlar bolalarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlab, bayramning yanada fayzli oʻtishiga xizmat qildi.

“Prezident archasi” tadbiri doirasida bolajonlarga bayram sovgʻalari topshirilib, ularning yuzlarida quvonch va tabassum namoyon boʻldi.

Shuningdek, bayramda Samarqand qoʻgʻirchoq teatri jamoasining chiqishlari qiziqarli taassurotlarga boy boʻldi.