Hosildorlikni oshirish uchun biologik eskirgan navlar oʻrniga yangi yuqori hosilli, ob-havoning noqulay sharoitlariga chidamli 12 ta (shundan 8 ta mahalliy) kuzgi bugʻdoy navlar maydoni 669 ming gektarga kengaytirildi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi axborot xizmati rahbari Jahongir Rahmonov maʼlum qildi.
2022-yil hosili uchun gʻalla ekish mavsumi oldingi yillarga nisbatan 10-12 kun erta yakunlanib, oʻtgan yilga nisbatan koʻchat soni gektariga 4 million 800 mingdan-5 million 500 ming dona (50-60 ming tup gektariga koʻp) olishga erishildi.
Mart-may oylarida gʻalla azotli mineral oʻgʻitlar bilan 3-marta (750-800 kilogramdan gektariga fizik holda) hamda makro-mikrooʻgʻitlarga boyitilgan biostimulyatorlar bilan suspensiya usulida 4-5-marta bargidan oziqlantirildi.
Shuningdek, gʻalla maydonlarida begona oʻtlarga qarshi 1 millon 205 ming gektar, zang kasalligiga qarshi 1 million 285 ming gektar, hasvaga qarshi 903 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar oʻtkazildi. Azotli mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirilgan gʻalla maydonlarini peshma-pesh sharbat usulida sugʻorish tashkil etilmoqda. Shuningdek, 25 ming gektar gʻalla maydonlarida yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalari joriy etiladi.
Xabaringiz bor yurtimizda 198 ta gʻallachilik klasteri tomonidan 923 ming gektar (shundan klasterda 98,5 ming gektar, fermer xoʻjaliklarida 833 mingdan ziyod gektar) gʻalla maydonlarida 6 million 700 ming tonna boshoqli don yetishtirilishi moʻljallangan. Gʻallachilik klasterlari tomonidan qiymati 797 mlrd. soʻmlik, 538 ming tonna quvvatga ega 98 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 57 ming nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi.