“Biotexnologiyalar klasteri” tashkil etiladi

    Sanoat 11 Yanvar 2024 1213

    “Farmatsevtika tarmogʻini yanada rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–14-son, 10.01.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, quyidagilar tasdiqlandi:

    - 2024–2025-yillarda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”;

    - farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining yigʻma parametrlari;

    - “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri (Klaster) faoliyatini jadallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi.

    Klaster hududida “Biotexnologiyalar klasteri” tashkil etilib, unga qoʻshimcha 60 gektar yer maydoni ajratiladi.

    Qarorga koʻra, shuningdek:

    • har yili 1-dekabrgacha tibbiyot muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun farmatsevtika mahsulotlariga boʻlgan talab va ehtiyoj shakllantiriladi va internet saytida joylashtiriladi;
    • 2024-yil 1-martdan davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisi bir lotda faqat bitta farmatsevtika mahsulotini (xalqaro patentlanmagan nomi boʻyicha dori vositalari va tibbiy buyumlar) kiritishi mumkin boʻlgan tizim joriy qilinadi;
    • 2025-yil 1-yanvardan bosqichma-bosqich barcha tibbiyot muassasalari tomonidan markazlashmagan tartibda xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari xaridi markazlashtirilgan tartibga oʻtkaziladi.

    2024-yil yakunigacha hududiy tibbiyot tashkilotlarining omborlari “Zarur saqlash amaliyoti – (GSP)” talablari asosida tashkil etiladi va termolabil dori vositalarini yetkazib berish uchun maxsus yuk tashuvchi avtotransport vositalari bilan taʼminlanadi.