Bugungi kunda Oʻzbekistonda 36 million nafardan ortiq aholi istiqomat qilayapti va bu koʻrsatkich kun sayin ortib bormoqda. Mamlakatda bir kishiga yiliga oʻrtacha 91 kilogramm oziq-ovqat chiqindisi toʻgʻri keladi. Bu esa mamlakat miqyosida bir yilda 3,2 million tonna atrofida oziq-ovqat chiqindisi hosil boʻlishini anglatadi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari Oʻzbekistonda oziq-ovqat chiqindilaridan bioyonilgʻi ishlab chiqarish imkoniyatlari va unig atrof-muhit uchun foydali jihatlarini oʻrgandi. Institutdan maʼlum qilishlaricha, oziq-ovqat chiqindilarining hosil boʻlishi tahlil qilinganda, uning 32 foizi yetishtirish jarayonida, 33 foizi saqlash va qayta ishlash jarayonida, 13 foizi tashish jarayonida, 22 foizi isteʼmol jarayonida yuzaga kelishi maʼlum boʻldi.

Agar mazkur chiqindilaridan bioyonilgʻi ishlab chiqarilsa, bir vaqtning oʻzida ikkita muammoni hal etish mumkin. Birinchisi, bu utilizatsiya muammosi boʻlsa, ikkinchisi, tobora ortib borayotgan energiya resurslariga boʻlgan talabni qondirish.

Oʻzbekistonda bir yil davomida hosil boʻladigan chiqindilar bioyonilgʻiga aylantirilsa 1,11 milliard litr bioetanol yoki 1,02 milliard litr biodizel ishlab chiqarish mumkin.

Ayni chogʻda dunyoning qator mamlakatlarida bioyonilgʻini ishlab chiqarish yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, 2021-yilda AQSHda 56,8 milliard litr, Braziliyada 33,1 milliard litr, Hindistonda 3,1 milliard litr bioetanol, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida esa 16,8 milliard litr biodizel yonilgʻisi ishlab chiqarilgan.

Koʻpgina yirik avtomobilsozlik kompaniyalari bioyonilgʻida harakatlanuvchi modellariga ega. Ushbu texnologiya qoʻllanilmagan avtomobillar esa maxsus qurilmani oʻrnatish orqali bioyonilgʻidan foydalanishi mumkin.

Agar Oʻzbekistondagi barcha avtotransport vositalari Ye85 markali bioetanoldan foydalanganida havoga ajralib chiquvchi CO2 miqdori 1,2 million tonnaga, yaʼni 30 foizga, Ye100 markali bioetanoldan foydalanganida esa 1,4 million tonnaga, yaʼni 35 foizga qisqarardi.

Shu oʻrinda bitta qiyosiy misolni keltirib oʻtish joiz. Bitta daraxt yiliga oʻrtacha 25 kilogramm CO2 ni zararsizlantirish imkoniyatiga ega. Demak, Ye85 va Ye100 markali bioetanoldan foydalanishning samarasi mos ravishda 48 hamda 56 million tup daraxt keltiradigan foydaga teng.

Oziq-ovqat chiqindilaridan bioyonilgʻi ishlab chiqarish va undan foydalanish “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasining muayyan parametrlarini, shuningdek, atmosferaga zararli gazlarni chiqarishni 35 foizga kamaytirish boʻyicha xalqaro majburiyatni bajarishda yordam beradi.