Har bir xalq, millatning ilmiy salohiyati, tafak­kur yuksakligi, maʼnaviy kamoloti uning buyuk farzandlari faoliyatida yaqqol namoyon boʻladi. Dun­yoda jahon taraqqiyotiga sezilarli taʼsir etgan, tarix gʻil­diragini burishga qodir boʻlgan salohiyatli inson­lar kam oʻtgan. Ammo oʻzbek xalqi jahon ilmiy, iqtisodiy, badiiy tafakkuri, tibbiyot rivoji, har­biy-davlatchilik tarixi va boshqa qator sohalarda munosib oʻringa ega boʻlgan ajoyib iqtidor sohibla­rini yetishtirgan benazir millatlardan biridir.

Sohibqiron Amir Temur ona xalqimizning shaʼnini yuksaltirgan ana shunday iftixor qilgulik farzandlaridandir. Darhaqiqat, serqirra bu inson shaxsini, uning faoliyatini oʻrganish yil sayin yuksalayotgan boʻlishiga qaramay, hali biz buyuk siymoning ulkan salohiyatini yaqqol namoyon etib bera oladigan darajada ishlar qilolganimiz yoʻq. Hali tarixchilar, tadqiqotchilar, ziyolilar Amir Temur hazratlarining davlatchilik sohasidagi islohotlari, diplomatik aloqalar, harbiy taktika, jang sanʼati, qurilish-bunyodkorlik ishlari, shuningdek, uning oila boshligʻi, farzandlar tarbiyachisi, ilm-fan ahli homiysi, adolatpeshalik, muomala madaniyati kabi oʻnlab qirralarini oʻrganishlarida, bu boradagi muvaffaqiyatlar xalqimiz maʼnaviyat daraxtining qay ildizlariga borib tutashishigacha tadqiq, tahlil etishda xalqimizdan ancha qarzdordirlar.

Oʻtgan asrning 90-yillari edi. “Yosh kuch” jurnalida boʻlim muharriri vazifasida xizmat qilardim. Oʻsha yillari Sohibqiron Amir Temur shaxsiga qiziqish gʻoyat ortgan, qalamkash doʻstlar bilan birga “Amir Temur oʻgitlari” kitobini nashrga tayyorlayotgan edik. Bir kuni jurnalimiz Bosh muharriri oʻrinbosari ustoz Xurshid Doʻstmuhammad Sohibqiron haqida XIX asrda yozilgan asar qoʻllariga tushib qolganini aytib, agar xohish boʻlsa, birgalikda tarjima qilishni taklif etdilar.

Bu asar “Ikki toʻlqin” deya atalib, rus tarixchi publitsisti Vladimir Cherevanskiy qalamiga mansub edi. Kitobning ilk tomi Chingisxonga, ikkinchisi Amir Temur bobomizga bagʻishlangan ekan. Biz koʻp oʻtmay birgalikda asarni tarjima qilib tugatdik. U “Amir Temur” nomi bilan 1993-yilda kitobxonlar qoʻliga borib tegdi.

Mana oradan 29 yil vaqt oʻtdi. Bu yillar ezgu orzumiz – istiqlolni mustahkamlash, davlati­mizning huquqiy asoslarini yaratish, koʻplab bobokalon­larimiz, jumladan, Amir Temur shaxsiga nisbatan adolatni tiklash yillari boʻldi.

Jurnalist sifatida menga Toshkent, Samar­qand va Shahrisabzda Amir Temur bobomiz haykallarining ochilish marosimlarida ishtirok etish nasib etdi. Mamlakatimiz rahbari bobokalonimiz shaxsi haqida soʻzlar ekanlar, davlatni boshqarishda u amal qilgan 12 qoidani alohida taʼkidlaydilar. Ayniqsa, “Kuch – adolatda” degan tamoyil yangi Oʻzbekiston siyosatining ham mohiyatiga aylandi.

Tarix buyuk muallimdir. Uning kitobini ochar ekansiz, shonli bir tarix bitilgan sahifalar tilga kiradi. Mana oʻsha tarixning moʻjaz sahifasi...

771-yil (milodiy 1369-yil) Ramazon oyining oʻninchi kuni. Amir Husayn oʻlimidan soʻng Balx shahri yaqinida qurultoy chaqirildi. Sohib­qironning piri Mir Sayid Baraka xalq oldida Amir Temurni hukmdor deb eʼlon qilar ekan, unga quyidagi soʻzlarni aytdi:

– Siz Allohning yerdagi soyasiga aylanganin­gizdan soʻng, Allohning irodasi va adolat qonuningiz boʻlgʻay. Shuni doimo yodda mahkam tutingkim, adolat ipini yoʻqotgudek boʻlsangiz, uni faoliyatingizning asosi deb bilmasangiz, Sizni taxtga yetaklab keltirgan barcha narsalardan mosuvo boʻlgaysiz...

Sohibqiron piri murshid Mir Sayid Barakaning ana shu purhikmat soʻzlarini umri davomida aslo unutmadi... “Amir Temurning xarakterli xususiyatlaridan biri – davlat, mamlakat, fuqaroning gʻamxoʻrligi edi. Uning qoidasi “rosti – rusti” edi. Haqiqat – sihat – salomatlik, haqiqat – tartib, haqiqat – adolat demakdir”, degan edi mojor tarixchisi G.Vamberi.

Bir kuni Sohibqironga bir rivoyat soʻzlab berdilar. Bu rivoyatdan Temurbek oʻz xulosasini yasadi. “Bundan buyon men uyqudan turgandan to xobgohga kirgunimga qadar ikki nazoratchi tayinlansin. Ular mening kun davomida bajargan ishlarimni kuzatib borsinlar va kun yakunida oʻtgan muddatda qanday xatoliklarga yoʻl qoʻyganimni bayon qilib borsinlar”, dedi u.

Bu nazoratchilar ham tasodifiy odamlar emasdi. Ularning har biri xalq orasida obroʻ-eʼtibor topgan xolis insonlar edilar. Nazoratchilarning biri Mahmud Shahob, ikkinchisi Nosiriddin al Aramir boʻlgan.

Tarixchi V.Cherevanskiy kitobida Mahmud Shahobning nazoratchi qilib tayinlanish jarayonini ham keltiradi. Maʼlum boʻlishicha, u ilgari bahodir yigit boʻlgan. Yoshi oʻtib qolganiga qaramay gʻoyat bardam va sergʻayrat edi. U yashaydigan mahallada xalq biror nizoli masala chiqib qolsa, qozining emas, bahodirning oldiga kelib, muammoni uning yordamida hal qiladi. Uning xolisligi va donishmandligi haqidagi gaplar Amir Temur qulogʻigacha yetib keldi.

El ishonchini qozongan bu insonni koʻrish niyatida Sohibqiron Mahmud Shahobni qoshiga boshlab kelishni buyurdi.

Mana, saroyga toʻpigʻigacha oq yaktak kiygan, uzun oq soqolli, barvasta chol qadam qoʻydi. U ayrimlar singari qulluqnamo harakatlardan butkul xoli edi. Asosini doʻqillatib Amir Temur qarshisiga yuzlanar ekan, Sohibqiron unga savol berdi:

– Adolatli jazo berish uchun nima qilmoq kerak?

– Sizning qozilarningizning tarozusi ikki pallalikdur. Adolat tarozusi esa uch pallaga ega, – deya javobga tutindi Mahmud Shahob. – Sizning qozilaringiz jinoyat va jazoni oʻlchaydilar. Siz ular tarozusiga uchinchi pallani qoʻshib, avval jinoyatchini, keyin jinoyatni va nihoyat jazoni chamalab oʻlchashni buyuring. Shunda Sizning hukmingiz adolatli boʻladi.

Donishmandning javobidan qanoat hosil qilgan Amir Temur uni oʻziga nazoratchi qilib tayinladi, saroy va barcha maxfiy kengashlar eshigi uning uchun ochiq boʻlishini aytdi.

Bu bizga bobolarimizning sabogʻidir. Amir Temur bizga buyuk qadriyatlarni meros qoldirgan. “Millat dardlariga darmon boʻlmoq” daʼvati har birimizning umrimizga bitmas mazmun ato etadigan ulkan vazifadir.

Buyuk sohibqiron faoliyatining yana bir jihati bunyodkorlik, farovonlik yaratish yumushidir. Uning faoliyatiga munosabat bildirgan tarixchilardan biri Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”da Sohibqironning mayli imorat bila deya taʼkidlar ekan, “...andin koʻp imoratlar va masjidu xonaqoh va rabotu koʻfruk va gʻayrihu olamda bisyor qolib turur”, deb yozadi

“Zafarnoma” xotimasida ham Amir Temur “bizdan yodgor qolgʻay, deya yaxshi niyatlar bilan bunyod etgan buqʼai xayr binolari haqida xabar beradi.

Xorazmdagi Qoʻhna Urganchda hozir Toshqalʼa yaqinida Peshtoq salanib qolgan. Uni rus olimlari karvonsaroy qoldigʻi deb tavsiflashgan.Aslida u Ark – Oqqalʼa yonida qurilgan Oqsaroydir.

Shomiy “Zafarnomada “Xorazmda Amir Sohibqiron oʻz xossai shariflari uchun katta imorat tiklashni buyurdi. Uni tezda qurib bitkazdilar”, (1404) deb yozadi.

Bu imorat qurilishi haqida Muhammad Solih “Shayboniynoma”da ham

Qoʻndi Ark ollida Temur Sulton,

Ham oʻshul turki boʻldi farmon,

desa, shu binoga keyinroq Muhammad Shayboniyning jiyani, Buxoroning boʻlajak xoni, Qul Ubaydiy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan Shahzoda Ubaydi kelganini taʼriflab:

Keldi shahzoda Ubaydi xush roy,

Ayladi manzilin Oqsaroy,

deb yozgan.

Birinchi manbalar hisoblangan “Zafarnoma”larni hijjalab oʻqisak, Amir Temur birgina Xorazmda emas, Samarqandda, soʻng esa Shahrisabzda koʻshk – Oqsaroylar bunyod etganini anglaymiz.

Bu hali bobokalonimiz faoliyatini tadqiq etishda qiladigan ishlarimiz koʻpligidan dalolatdir.

Buyuk sohibqiron ibrati bizga ona yurtga, ona xalqimizga adolat asosida sadoqat bilan xizmat qilish, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev atrofida jipslashib, Uchinchi Renesans poydevori asosida avlodlar uchun Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida bitmas kuch-gʻayrat baxsh etadi.

 

OQSAROY

Bir kalom bitdirmish choʻng Oqsaroyga

Moziyda Temurbek Shahrisabzda:

“Boqing binomizga – soʻngsiz chiroyga,

Gar shubha qilsangiz qudratimizga”.

 

Garchand zamon xayli bu lavh bitilgan

Oqsaroy peshtoqin etsa-da zamin,

Hamon magʻrur turar boshsiz gavdaday,

Tiriklar qatori tik tutib qaddin.

 

Men undan hayratlar soʻrab borgayman,

Qoshida gʻururdan tiniqar aqlim.

Va lekin qudratdan koʻproq ranglarda

Munis yuragingni koʻraman, xalqim!..

Amirqul KARIMOV,

Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi raisi