Oʻzbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil qiladi. Zamonaviy axborot texnologiyalari, dasturiy mahsulot yaratish va autsorsing xizmatlari koʻrsatishga keng jalb qilish orqali ularni ish bilan taʼminlash muhim vazifa.
“Bir million dasturchi” loyihasi ana shu ezgu maqsadga qaratilgan. Mashgʻulotlarda eng kerakli 4 ta yoʻnalish — maʼlumotlarni tahlil qilish, android ilovalar, veb-ilovalar va dasturiy taʼminot ishlab chiqish boʻyicha oʻzbek tilida subtitr vositasida bepul videokurslar taqdim etiladi.
Loyihadan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonda yoshlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etishdir. U uzbekcoders.uz maxsus portali orqali aholining keng qatlamini axborot texnologiyalari mutaxassisligi boʻyicha masofaviy oʻqitishni nazarda tutadi.
Birinchi bosqich doirasida bepul onlayn oʻquv kurslari tashkil etilgan. 2023-2025-yillarda “Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijning nufuzli taʼlim platformalarida mazkur yoʻnalishdagi onlayn oʻquv kurslarda tahsil olish imkoniyatini yaratish maqsad qilingan.
Vazirlik tomonidan yoshlarga uzbekcoders.uz platformasi orqali AQSHning Coursera platformasining onlayn taʼlim kurslaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Coursera masofaviy taʼlim platformasi boʻlib, unda 300 ga yaqin yetakchi universitet (Stenford, Yel, Illinoys, Dyuk, Michigan va boshqalar) hamda kompaniyalarining 5 yoʻnalishdagi 12 mingta professional taʼlim resursi joylashtirilgan.
Courseraning oʻzbekistonlik 1,5 million foydalanuvchisi bor. Bundan 1 million 60 mingdan ziyodi uzbekcoders.uz platformasi orqali roʻyxatdan oʻtgan. 2023-2024-yillarda Coursera platformasining boshlangʻich darajali kurslarida 450 mingdan ziyod, professional kurslarida 3000 ta xalqaro sertifikat qoʻlga kiritilgan.
Ushbu global onlayn taʼlim platformasining Markaziy Osiyo mintaqasi koordinatori Eduard Kanning maʼlumotiga koʻra, oʻzbekistonlik 1,5 million foydalanuvchining 90 foizi oʻquvchilardir. Coursera platformasida foydalanuvchilar soni boʻyicha Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinda turadi. Bu esa yurtimiz ishchi kuchini mehnat bozorida talab yuqori koʻnikmalar bilan taʼminlashga eng koʻp sarmoya kiritayotgan mamlakat ekanidan dalolat beradi.
Platformada oʻzbek foydalanuvchilar eng koʻp qiziqish bildirayotgan yoʻnalishlar esa dasturlash, Data Science kompyuter savodxonligi, grafika va dizayn hamda xorijiy tillardir.
“Bir million dasturchi” loyihasi 2025-2026-yillarda xalqaro axborot texnologiyalari sertifikati olganlar sonini 1,5 millionga, professional xalqaro axborot texnologiyalari sertifikati olganlar sonini esa 30 mingga yetkazish belgilangan. Qolaversa, loyiha doirasida yuqori natija koʻrsatgan eng yaxshi 2 maktabga Prezident sovgʻasi — elektromobil berilishi ham rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, loyiha doirasida 14 ta hududda eng yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilarga 1000 ta noutbuk va qimmatbaho sovgʻalar, eng ilgʻor 10 oʻqituvchining chet elga sayohati, loyiha doirasida eng yuqori natija koʻrsatgan 100 nafar oʻqituvchiga 10 million soʻmdan pul mukofoti, yetakchi 3 ta oliy taʼlim muassasasiga pul mukofoti beriladi.
Hozirda yuqori malakali dasturchi va mutaxassislarga ehtiyoj katta. Bugungi kun va kelajagimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda sohaning yetuk kadrlarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Shunday ekan, bu kabi eʼtibor minglab dasturchi yoshlar shakllanishiga zamin hozirlaydi.
— XXI asr juda katta imkoniyatlar asri, — deydi Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi bosh mutaxassisi Ilhom Joʻrayev. — Oʻtgan asrda faqat oʻqish yoki yozishni bilgan odam savodli hisoblangan boʻlsa, bugun raqamli texnologiyalarni puxta egallagan odam mehnat bozoridagi oʻrnini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladi. “Bir million dasturchi”ning asosiy maqsadi shu — xalqaro mehnat bozoriga aholining keng qatlamini tayyorlash, ilgʻor platformalarni xarid qilib, imtiyozli ravishda oʻqitish, yoshlarga bepul, imtiyozli kurslar berish. Shu orqali ularni nafaqat mahalliy, balki jahon bozoriga tayyorlash koʻzda tutilgan. Loyihaning birinchi bosqichida nomzodlar Udemy platformasi orqali oʻqitiladi. Bu platforma oliy taʼlim muassasalari tomonidan boshqariladigan boshqa onlayn taʼlim platformalaridan farqli oʻlaroq, kontent yaratuvchilariga oʻz kursini nazorat qilish va onlayn oʻqitish imkonini beradi. Mehnat bozori uchun yangi yoʻnalishni shu platforma orqali oʻrganish, yangi koʻnikmalarga ega boʻlish mumkin. Pirovardida tinglovchi mazkur kursni tamomlagani toʻgʻrisidagi sertifikatga ega boʻladi.
Ikkinchi bosqichda jahondagi yetakchi Coursera platformasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bu platformada xorijiy tilni bilish talab etiladi. Ayni paytda oʻzbek tilini platformadagi ustuvor tillar qatoriga qoʻshish ustida ishlanyapti. Platformada yangi bilimlarni oʻrganish va imtihon topshirib, xalqaro sertifikatga ega boʻlish mumkin. Bu dunyo mehnat bozoriga yoʻllanma deganidir.
Bugun AKT imkoniyatlaridan foydalanib daromad topayotgan yoshlar soni kundan kunga oshib boryapti. Shulardan biri Toshkent axborot texnologiyalari universiteti magistranti Asadbek Qarshiyev.
— Hozir universitetda sunʼiy intellekt boʻyicha tahsil olyapman. Shu bilan birga, Biznesni rivojlantirish bankida dasturchi boʻlib ishlayapman. “Bir million dasturchi” loyihasida oʻrganganlarim faoliyatim davomida tashkilotlarning ichki tizimini dasturlashda qoʻl kelmoqda. Qolaversa, shu orqali moʻmay daromad ham topyapman, — deydi u.
Dasturiy mahsulot va raqamli xizmatlarni taqdim etish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularni ichki hamda tashqi bozorga olib chiqish, innovatsion ishlanmalarni ragʻbatlantirish samara beryapti. Bugun “Bir million dasturchi” loyihasida bepul tahsil olib, ishini yoʻlga qoʻygan, shu orqali daromad topayotgan yoshlardan yana biri Mirzo Ulugʻbek Bafoyev. U nutqida muammosi bor odamlar uchun imo-ishora tili tarjimasi ustida ishlayapti. Izlanishi dasturlash bilan bogʻliq. Oʻquv markazida yoshlarga axborot texnologiyalari yoʻnalishida taʼlim ham bermoqda. Umuman, bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarni nufuzli xalqaro kompaniyalar talablariga mos dasturlar asosida tayyorlash vazifasi belgilangan.
“Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichida xorijning nufuzli taʼlim platformalarida onlayn oʻquv kurslarida tahsil olish imkoniyatini yaratish, loyiha doirasida 15 ming yoshning onlayn oʻquv kurslarida taʼlim olishini taʼminlash, eng yaxshi natija koʻrsatganlar va ishtirokchilarni munosib ragʻbatlantirish koʻzda tutilmoqda.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri