“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida salkam 920 mln soʻm talon-toroj qilindi

    “Oʻquv taʼlim-taʼminot” DM va “Smart Sales Leader” MCHJ oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan, jamiyat tomonidan yetkazib berilishi lozim boʻlgan qoʻshimcha elektron vositalar yetkazib berilmagan.

    Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati maʼlum qildi.

    Agentlik sobiq Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tomonidan 2021-2022-yillar mobaynida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida respublika budjeti hisobidan xarid qilingan kompyuter va boshqa vositalarning tavsiya etilgan texnik topshiriqlarga muvofiqligi hamda moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligini Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

    Yetkazib berilgan kompyuterlarning texnik xususiyatlari o‘rganilganida shartnomada ko‘rsatilgan talablar to‘liq bajarilmaganligi aniqlandi.

    O‘rganish yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.

    Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, “O‘quv ta’lim-ta’minot” DM va “Smart Sales Leader” MChJ o‘rtasida 2021-2022-yilda tuzilgan shartnomaga asosan, jamiyat tomonidan yetkazib berilishi lozim bo‘lgan qo’shimcha elektron vositalar yetkazib berilmasdan, jami 919 mln 360 ming so‘m miqdordagi budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

    Holat yuzasidan Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “O‘quv ta’lim-ta’minot” DM va “Smart Sales Leader” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.