Jumladan, San Marino turizm vaziri F.P.Amati bilan ikki tomonlama munosabatlarni yoʻlga qoʻyish va u boʻyicha anglashuv memorandumi imzolash, BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishda hammualliflik qilish masalalari muhokama etilib, ijobiy kelishuvlarga erishildi.
Shundan soʻng, Italiya turizm vaziri D.Santanshe bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki davlat prezidentlari tomonidan ilgari surilgan mamlakatlarda “Madaniyat, kino va turizm kunlari”ni oʻtkazish hamda Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash va hammualliflik masalalari muhokama etildi.
Chexiya Respublikasi hududlarni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Ya.Fluksa bilan uchrashuvda esa hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, mamlakatlar oʻrtasida sayyohlik oqimini yanada koʻpaytirish, Chexiyaning “Czech Airlines” aviakompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarini yoʻlga qoʻyish hamda Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish tashabbusi ustida ishlash masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vaziri oʻrinbosari Jang Mi-ran bilan muloqotda ikki mamlakatda tashkil etiladigan turizm yarmarkalarida turistik kompaniyalarning ishtirokini taʼminlash va ular oʻrtasida yaqin aloqalarni oʻrnatishga koʻmaklashish, Barqaror turizm boʻyicha Koreya hamkorlik tashkilotida Turizm qoʻmitasi xodimlarining malakasini oshirishni yoʻlga qoʻyish, Samarqanddagi xalqaro turizm akademiyasi hamda “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universitetiga Koreyaning yetakchi oʻqituvchilarini jalb etish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Turizm ыщmitasi matbuot xizmati.









