Quyidagi organlar hamda byudjet boʻyicha ularga beriladigan qoʻshimcha vakolatlari toʻgʻrisida soʻz bormoqda:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda shaharlar va tumanlar Kengashlari:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari, Toshkent shahrining shahar byudjeti hamda tumanlar va shaharlar byudjetlari daromadlarining prognozlarini maʼlumot uchun qabul qiladi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasining byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
- tegishli byudjetlardan moliyalashtiriladigan hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar va shaharlar Kengashlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjetidan, viloyatlarning viloyat byudjetlaridan va Toshkent shahrining shahar byudjetidan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga byudjet soʻrovini tuzish uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini koʻrib chiqadilar hamda tasdiqlaydilar;
v) Moliya vazirligi:
- oʻrta muddatli byudjetni tayyorlash jarayonini ikki bosqichda (tuzish va tayyorlash) amalga oshirish boʻyicha yagona uslubiy qoʻllanmalar toʻplamini (sirkulyarni), shuningdek Davlat byudjetini shakllantirishda byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlarini yetkazish hamda qayta koʻrib chiqish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
- birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning takliflari asosida Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun respublika byudjetidan ajratiladigan tasdiqlangan mablagʻlar doirasida ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
- birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning takliflari asosida ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga maʼqullash uchun kiritadi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar roʻyxatini tasdiqlaydi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy byudjetlarning loyihalarini tayyorlash boʻyicha tavsiyalar yuboradi.
Qonun 31.12.2020-yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.