“UzAuto Motors” AJ axborot xizmati maʼlum qilishicha, kompaniya yangi avtomobillarni sotish va sotib olishning barcha noqonuniy yoʻllarini oldini olish uchun savdo maʼlumotlar bazasini Davlat yoʻl harakati xavfsizlik xizmati inspeksiyasining yangi avtomobillarni roʻyxatdan oʻtkazish bazasi bilan sinxronlashtirish tashabbusi bilan chiqdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi koʻmagidagi hamkorlikni oʻzida aks ettirgan ushbu loyiha oʻsha noqonuniy boyish tizimi paydo boʻlishining oldini oladi va avtomobilni olishda navbatni berishning imkonsizligini taʼminlaydi, deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, joriy yilda kompaniyaning ishonch telefon raqamlari va kol-sentr xizmatiga “shapka” ga oid birorta ham shikoyat kelib tushmagan. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlariga ham bunday murojaat boʻlmagan.
Noqonuniy bitimlar tuzishda qatnashgan har bir ishtirokchi jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ushbu hodisa haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki kompaniyaning kol-sentr xizmatiga xabar berish har bir fuqaroning burchidir, deyiladi xabarda.