Birinchi xalqaro yoshlar innovatsiya forumi oʻtkaziladi

    Fan 15 Sentabr 2020 2552

    Joriy yilning 3—5-noyabr kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Yevroosiyo injiniring kompaniyasi toomnidan hamkorlikda InnoWeek-2020 innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida “Birinchi xalqaro yoshlar innovatsiya forumi – 2020” oʻtkaziladi.

    Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida” 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan va Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “Yevroosiyo injiniring kompaniya”si MCHJ oʻrtasida imzolangan shartnoma asosida rejalashtirilgan.

    Yevroosiyo injiniring kompaniyasi (EEC Russia) – xalqaro injiniring, moliya va ilmiy-texnik institutlarni birlashtiruvchi innovatsiya markazidir. EEC Russia energetika, energetika va resurslarni tejash, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va muhandislik sohalarida xalqaro loyihalarni amalga oshiradi.

    “World youth innovation forum – 2020” birinchi xalqaro yoshlar innovatsiya forumini Oʻzbekistonda oʻtkazishdan maqsad istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun mablagʻ toʻplash, shuningdek, milliy innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash orqali Respublikada innovatsiyalar sohasini ragʻbatlantirish va rivojlantirish uchun sharoit yaratishdir. Xususan, forum loyihalarni amalga oshirish markazi boʻlgan davlat, biznes va innovatsiya soha vakillarining oʻzaro aloqalari uchun doimiy platforma yaratadi.

    Forum toʻrtta raqamli platformadan iborat:

    1. Innovatsion loyihalar koʻrgazmasi – yosh innovatorlar va texnologik tadbirkorlarning loyihalarini taqdim etish uchun koʻrgazma platformasi. Forum ishtirokchilari loyihalarning imkoniyatlarini baholash va ularni amalga oshirish istiqbollarini koʻrib chiqish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Koʻrgazma boʻlimlari: Energetika, qishloq xoʻjaligi, sanoat va qurilish, IT va biotexnologiya. Koʻrgazma natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining grant mablagʻlarini ajratish bilan keyingi amalga oshirish va tijoartlashtirish uchun loyihalar tanlab olinadi.

    2. Biznes dastur – ishtirokchilarga 5 ta raqamli blok taqdim etiladigan raqamli platformadan iborat:

    • Biznes dastur treklari – yoshlar texnologik tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashning istiqbollari va mexanizmlarini muhokama qiladigan panel sessiyalar, brifinglar va foresight sessiyalardan iborat.
    • Akseleratsiya bloki – texnik, marketing, moliyaviy va boshqa masalalar boʻyicha ekspert baholash va murabbiylik tavsiyalarini olish uchun yoshlar loyihalarining bir qator taqdimotlari.
    • Taʼlim bloki – turli xil biznes sohalarining yetakchi vakillaridan treninglar, taqdimotlar va amaliy tadqiqotlar.
    • Keys-chempionatlar – maʼlum bir kompaniyaning amaliyotidan kelib chiqib, haqiqiy biznes muammolarini hal qilish uchun jamoalar taklif qilinadigan musobaqalar.
    • Hackathons – jamoaviy oʻyin, uning davomida ishtirokchilar birgalikda kompaniyaning texnik va amaliy muammolarini hal qilishadi.

    3. Koʻngilochar dastur – ishtirokchilarga 3 ta raqamli blok taqdim etiladi:

    • Koʻngilochar dastur – Onlayn konsertlar;

    • Ted-Talks – Yangi texnologiyalar soxasidagi tadbirkorlar qisqa taqdimotlarda oʻzlarining muvaffaqiyatlari haqidagi hikoyalarini oʻrtoqlashadilar;

    • Speed-dating – sarmoyadorlar va startap asoschilari biznes bilan tez tanishishda qatnashadilar.

    4. Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi – turli sohalardagi ish beruvchilar oʻzlarining mavjud boʻsh ish oʻrinlarini taqdim etadilar, yoshlar uchun stajirovka yoki vaqtinchalik ish taklif qiladilar, shuningdek tashkilotlar davlat korporatsiyalarida ishlaydigan yoshlarning istiqbollari toʻgʻrisida gaplashadilar. Bundan tashqari, maslahatchilar maʼlumotnoma yozishda yordam berishadi va nomzodlarning raqobatdosh ustunliklarini hisobga olgan holda intervyu berish boʻyicha maslahat berishadi. Mahorat darslarida murabbiylar intervyuga qanday tayyorgarlik koʻrish haqida malsahat berishadi va kasbiy rivojlanish strategiyasini yozish sirlari boʻyicha maslahatlar berishadi.