Birja savdolarida sement narxi pasayishni davom etmoqda

    Mamlakatimizda 30 Oktabr 2020 1381

    O‘zbekiston tovar xom ashyo birjasiga 19–23 oktyabr oralig‘ida o‘tgan birja savdolariga 207 ming 384 tonna sement savdoga qo‘yilgan. Shundan 197 ming 457 tonnasi, ya’ni 95,2 foizi sotilgan. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 39,5 ming tonnani tashkil qildi.

    Yuqorida qayd etilgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 566,5 ming so‘mdan 556,5 ming so‘mgacha, ya’ni 1,8 foizga pasaygan.

    Hafta boshida savdolar sementning bir tonnasiga o‘rtacha 566 ming so‘m xarid narxi bilan boshlangan, 23 oktyabr kuni 1 tonna sementning o‘rtacha xarid narxi 556 ming so‘mgacha arzonlashgan. Haftaning ilk to‘rt ish kunida sementga xaridorlar soni ko‘paygan, ish haftasining oxirida xaridorlar 67 ga kamayib, yakunda 506 ta sub’ekt birja savdosida xaridorga aylangan.

    Oktyabr oyi boshida sementning bir tonnasi birjada o‘rtacha 608 ming so‘mga sotilgandi. 23 oktyabrdagi xarid narxi (556 ming so‘m) hozircha qurilish mavsumining so‘nggi bosqichida ko‘rsatilgan eng maqbul narx bo‘lib qolmoqda.