Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi.

Sovuq havo oqimi natijasida avtomobil gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (metan zaprovkalar) faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar joriy etilgani munosabati bilan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi oshiriladi.

Shu kunga qadar birja savdolariga qoʻyilayotgan kunlik 3700 tonna benzin talab va taklifga qarab 5000 tonnagacha oshirilishi maʼlum qilinadi.

Isteʼmolchilarning avtobenzinga boʻlgan talabini toʻliq qondirish masalasi davlat nazoratiga olingan boʻlib, barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan.

Xususiy avtoyoqilgʻi quyish shoxobchalari egalaridan narxlarni sunʼiy ravishda oshirmaslik, avtobenzinni sifat va miqdor jihatidan belgilangan talablarga muvofiq sotish soʻraldi. Nazorat tadbirlari kuchaytirilib, narxlarning asossiz oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.