Bitiruvchilarga diplom topshirildi

    Shu yilning 17-iyul kuni Shahrisabz davlat pedagogika institutida oʻqishni muvaffaqiyatli yakunlab, mustaqil hayotga qadam qoʻyayotgan 1018 nafar bitiruvchiga diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Marosimda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi raisi Abdushukur Yangiyev, institut faxriy professor-oʻqituvchilari, jamoatchilik vakillari, bitiruvchi talaba-yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

    — Bugun institutni 1018 nafar talabalar tamomlab katta hayotga qadam qoʻymoqda, — deydi institut rektori Sherzod Neʼmatov. — Bitiruvchilar ichida oʻqishni tamomlamasdan turib oʻz yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat yuritayotganini koʻrib, ularga toʻgʻri yoʻnalish va kerakli bilimlar berganimizni angladim. Bugun katta hayotga qadam qoʻyayotgan bitiruvchilarga hech qachon ilm olishdan, oʻqib izlanishdan charchamasliklarini, hayotning baland-past yoʻllarida qoqilmasdan oʻz maqsadlari yoʻlida olgʻa borishlarini tilab qolaman.

    Shuningdek, institut rektori bitiruvchi yoshlarning koʻpgina yoʻnalishlarda qobiliyatlarini, salohiyatlarini namoyon etib, katta yutuqlarini qoʻlga kiritganligini eʼtirof etdi va barcha bitiruvchilarning kelgusidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyat tilab, ularga diplomlari tantanali topshirdi.