Bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashgan NTTga bir martalik subsidiya ajratiladi

    “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–51-son, 01.02.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2024-yil 1-martdan quyidagilar joriy etiladi:

    • nodavlat taʼlim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda BHMning 75 baravarigacha, nogironligi boʻlgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashgan hollarda esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur;
    • xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizgacha qismini qoplab berish tartibi;
    • ingliz tilini bilish boʻyicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarini toʻliq qoplab berish tartibi.

    Shunga koʻra, subsidiya olish hamda xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqish va ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali bepul koʻrsatiladi.