A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti tomonidan tashkillashtirilgan  qo'shma xayr-saxovat  loyihasi ana shunday nomlandi.

Bugun davlatimiz rahbari rahnamoligida nogironlarni, imkoniyati cheklangan shaxslarni manzilli ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, yordamchi va reabilitatsiya, texnika vositalari bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ushbu yo'nalishdagi ezgu ishlarda jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda. Jizzax davlat pedagogika instituti Sh.Rashidov tumani hokimligi, “Sog'lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sh.Rashidov tumani tayanch punkti hamkorligida  o'tkazilgan xayr-saxovat aksiyasi bunga yorqin misoldir.

Tadbirga imkoniyati cheklangan, bolaligidan nogironligi bor iqtidorli, uyda yakka tartibda ta'lim olayotgan bolajonlar taklif etildi. “Biz birgamiz” loyihasi imkoniyati cheklangan bo'lsa-da, ko'pchilik tengdoshlariga namuna bo'layotgan iqtidorli o'quvchilarning tasviriy sa'nat ko'rgazmasi namoyishi bilan boshlandi. SHundan so'ng “Sog'lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tayanch punkti qoshidagi “Bolajonim” dastasi hamda institut badiiy jamoasi tomonidan tayyorlangan kontsert dasturi yig'ilganlarga havola etildi. Tadbir davomida Sh.Rashidov tumani hokimi M.Xolbo'tayev hamda institut rektori Sh. Sharipov  muborak Ramazon ayyomi bilan qutlab,   ularning har biriga o'z sovg'a-salomlarini ulashdi.

Abdulhamid Sodiqov 12  yoshda. Unga go'dakligidan “o'sib boruvchi mushaklar distrofiyasi” tashxisi qo'yilgan. Abdulhamid  Sodiqovning yaqinlari bilan bo'lgan muloqot davomida bugun u boshqarayotgan nogironlik aravachasi yaroqsiz holga kelganligi ma'lum bo'lgan edi. Abdulhamid Sodiqov bugungi bayramdan homiylar tomonidan berilgan bir olam sovg'alar bilan qaytdi. Bu sovg'alar qatorida so'nggi rusumdagi nogironlik aravachasi ham bor. Sovg'ani  unga institut rektori Sh.Sharipov topshirdi.

Bugungi qo'shma loyihaga hech kim quruq qo'l bilan kelmadi. Tuman hokimi M.Xolbo'tayev shu erning o'zida unga iltimos bilan chiqqan  4 nafar imkoniyati cheklangan bolajonlarga tikuv mashinasi, komp`yuter olib berishga va'da berdi. SHu qatorida jami 17 nafar ishtirokchi bolajonlarga institut tomonidan sovg'alar topshirildi.

Yuksak mehr-muruvvat, oqibat va bag'rikenglik bizga buyuk ajdodlarimizdan meros fazilatdir. Insonlarning dardini eshitish, mushkulini oson qilish azaldan xalqimizda e'zozlangan yuksak insoniy fazilatlardan. Bir ehtiyojmand insonning dardu tashvishini eshitib, uning ko'nglini olib, xursand qilish Ka'bani obod qilish bilan barobar deyiladi. SHu xususida mutafakkir bobomiz hazrat Navoiy shunday deydi:

Kimki bir ko'ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borki, ka'ba vayron bo'lsa, obod aylagay.

Ko'ngli siniq, mehrga muhtojlarga yaxshilik qilishda xayri baraka bor deyishadi. Ko'makka, ehtiyojlilarga yaxshi qarash har bir jamiyatdagi ijtimoiy tenglikning muhim omillaridan biridir. “Biz birgamiz” xayr-saxovat aktsiyasi ham ana shu ezgu niyatlarni o'zida mujassamlashtirgan bir tadbir bo'ldi, desak xato qilmagan bo'lamiz. Buni  ko'zlari kulib turgan, jajji qo'lchalari, harakatlari bilan o'z tashakkurini izhor qilishga urinayotgan bolajonlar  quvonchidan sezish qiyin emas.                                                                                                                                  

G.SHARIPOVA,

Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati