Bill va Melinda Geyts Jamgʻarmasi asosan kambagʻal mamlakatlarda sogʻliqni saqlash va emlashning eng yirik subyektlaridan biridir. Bill Geyts Germaniyaning Süddeutsche Zeitung nashriga bergan intervyusida emlashda millatchilik masalalari, keyingi pandemiyaga tayyorgarlik va COVID-19 qanday qilib endi “yangi meʼyoriy” qismga aylanishi haqida gapirdi.
“Afsuski, koʻplab mamlakatlar misli koʻrilmagan talofotni boshdan kechirmoqda. Iliq ob-havo va vaksinalar mavjudligi bu koʻrsatkichlarni kamaytirmaguncha yana bir necha oy davom etishi mumkin. Ammo hozir biz haqiqatan ham qiyin bosqichda turibmiz. Koʻpgina mamlakatlarda iqtisodiy cheklovlardan ulkan charchoq bor. Xudoga shukur, hozirda vaksinalar paydo boʻlmoqda, ammo endi hamma logistika va talab nuqtayi nazaridan qiyinchiliklarga duch kelmoqda”, — dedi Geyts.
Uning fikricha, 2021-yilning kuzida kasallikning katta toʻlqini yuzaga kelishi mumkin, uning oldini olish uchun emlash darajasi 70-80 foizga yetishi kerak.
“Katta hajmda ilmiy ishlar olib borilmoqda. mRNA-vaksinalarining ixtirosi, Biontech bilan Pfizer, Moderna amalga oshirgan ajoyib ishlar — eng muhim voqealardir. Ammo mRNA asosida ishlab chiqarilmagan yana uchta emlash ham mavjud. Ular sezilarli darajada arzon, ularni ishlab chiqarish va tarqatish osonroq. Astra Zeneca, Johnson & Johnson va Novavax vaksinalari emlanganlar sonini koʻpaytirishda muhim ahamiyatga ega. Rivojlanayotgan mamlakatlar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ushbu vaksinalarning katta qismi bilan taʼminlanadi”, dedi u.
— Millatchilik qarashlari bizga yordam bermaydi, deydi Geyts. — Tibbiyot xodimlari va qariyalarni emlash uchun sayyoramiz boʻylab vaksinalarni iloji boricha tezroq tarqatish kerak.
— Aytish mumkinki, vaksina yordamida baʼzi mamlakatlar taʼsir oʻtkazishga harakat qilmoqda, — deya davom etdi Geyts. — Mamlakatlar qaysi vaksinadan foydalanishni xohlashlarini erkin hal qilishlari mumkin. Bu yerda qaramlik yoʻq. Ushbu vaksinalarning baʼzilari qatʼiy nazorat protseduralaridan oʻtgan, baʼzilari oʻtmagan. Mamlakatlar xavfsizlik va samaradorlikning oltin standartini xohlaydilarmi yoki bu xavfsizlik haqida qaygʻurmasliklarini hal qilishda erkin. Keling, ushbu vaksinalar qanday qabul qilinishini koʻrib chiqamiz.
Masalan, Rossiyada oʻz vaksinasiga talab juda yuqori emas. Shuningdek, biz xavfsizlik va samaradorlik toʻgʻrisida koʻproq maʼlumotga ega boʻlish uchun Xitoy firmalari bilan hamkorlik qildik. Jamgʻarma nuqtayi nazaridan vaksinaning qaysi mamlakatda ixtiro qilingani mutlaqo muhim emas — bu uni xavfsiz, samarali qilish va shu bilan hayotni saqlab qolishdir.
Baʼzi mamlakatlarda siyosiy rahbariyat murakkab vaziyat — niqob taqish, masofani saqlash, cheklovlarga sabr qilish kerakligi haqida halollik bilan ogohlantirdi. Hali ham odamlardan bu narsalarni talab qilishimiz juda dahshatli. Ammo infeksiyaga chalinganlar soni oʻsishining oldini olish kerak. Hatto eng yaxshi holatda ham, hayotni meʼyoriy holga qaytarish uchun deyarli bir yil kerak boʻladi, — dedi Microsoft asoschisi.
Geytsning soʻzlariga koʻra, endi koronavirus zilzilalar, tornadolar yoki iqlim oʻzgarishi kabi “yangi meʼyoriy” qismga aylanadi. — Diagnostikaning yaxshiroq imkoniyatlari kasallik yuqtirganlarni tezroq aniqlashga imkon beradi va ayniqsa AQSHda oʻlimni keskin kamaytiradi. Biz ushbu saboqlarni oʻrganishimiz kerak, — deydi u.
— Biz keyingi pandemiyaga tayyor emasmiz. Umid qilamanki, ikki yil ichida vaziyat boshqacha koʻrinishga ega boʻladi. Vaksinalar, testlar, dori-darmonlar, epidemiologiya, monitoring — bu yerda juda koʻp narsa qilish mumkin. Ushbu pandemiya dahshatli, ammo kelajakdagi pandemiya bundan 10 baravar yomonroq boʻlishi mumkin. Shuning uchun global javob zarur. Vaksinani ishlab chiqishda olimlar, korxonalar, xalqaro tashkilotlar va hukumatlar oʻrtasida xalqaro hamkorlik koʻzda tutilgan. Hech bir mamlakat buni yolgʻiz qila olmadi. Umid qilamanki bu iqlim oʻzgarishi kabi global muammolar uchun saboq boʻladi, — deya xulosa qildi Bill Geyts.