Barcha sohalar kabi sogʻliqni saqlash tizimiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik aholi salomatligini muhofaza qilishda, shuningdek, xalqimiz turmush farovonligi oshishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tizimda tub oʻzgarishlar sodir boʻlib, yangilik va izlanishlar sari odim tashlanayotganligi quvonarlidir.
Ayniqsa, Oʻzbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishga katta eʼtibor qaratilib, “Sogʻlom ona – sogʻlom bola” shiori ostida yoshlarimizning va nuroniylarimizning sogʻlom hayot kechirishida koʻpgina targʻibot-tashviqot ishlari va amaliy ishlar olib borilmoqda.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanida ham xalqimiz manfaati va salomatligini himoya qilish borasida 2022-yil boshidan beri bir qator xayrli ishlar yoʻlga qoʻyildi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi xalq qabulxonasi boʻlimi tomonidan bajarilayotgan chora-tadbirlar fuqarolarning sogʻligini va salomatligini tiklab, sogʻlom turmush tarziga eʼtiborsiz boʻlmasliklarida katta ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, Chilonzor tumani hududiy tibbiyot birlashmasi bilan birgalikda tuman aholisining sixat-salomatligi va sogʻligini saqlash uchun chora-tadbirlar muntazam oʻtkazib boriladi. Tasdiqlangan reja asosida Chilonzor tumanidagi 8 ta oilaviy polikninikalarda, 55 ta mahallalardan 39 ta mahallada aholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Tibbiy koʻrikdan oʻtgan 1647 nafar fuqarolarimizdan 827 nafar fuqaroda kasallik aniqlangan. 755 nafar fuqaro shifoxona va ambulator sharoitda davolanish uchun yoʻnaltirilgan, 17 nafar fuqarolarimiz sogʻligini tiklab olishi uchun sanatoriylarga yoʻllanma berilgan, 4 nafar fuqaro nogironligini belgilash uchun yuborilgan. Natijada 704 nafar fuqaro sogʻlomlashtirilgan.
Sogʻlom turmush tarzining ajralmas tomonlaridan biri – bu jismoniy faollikdir, boshqacha aytganda, tanani chiniqtiradigan omil – jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishdir.
Prezidentimizning 2018-yil 18-dekabrdagi “Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi qarori hamda 7-aprel Butunjahon Salomatlik kuni munosabati bilan tuman hududiy tibbiyot birlashmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Chilonzor tumanidagi xalq qabulxonasi boʻlimi, tuman hokimligi, yoshlar ishlari agentligi, madaniyat boʻlimi tomonidan sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida Salomatlik stansiyasi tashkil etildi.
Tadbir davomida yengil tibbiy koʻrik, antropometrik oʻlchovlar, mutaxassis tomonidan bepul maslahatlar, sogʻlom ovqatlanish, sogʻlom tabassum bekatlari tashkil qilinib, minglab turli yoshdagi aholining tibbiy koʻrigi, qiziqtirgan savollarga javoblar berildi. Tadbirda yosh volontyorlar tomonidan “Sogʻlom turmush haqida nimalarni bilasiz?” deb nomlangan maxsus aksiya oʻtkazilib, “Biz sogʻlom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida aholiga koʻrgazmali bukletlar tarqatildi.
Tuman xalq qabulxonasi xodimlari va tibbiyot mutaxassislari bilan hamkorlikda aholi orasida sogʻlom turmush tarzini olib borish borasida tushuntirish ishlari muntazam olib boriladi, har kuni piyoda sayr qilish, velosipedda koʻproq masofalarni aylanib kelish sogʻliq uchun naqadar foydali va koʻpgina kasalliklarni oldini olishda juda katta samara berishi haqida targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Prezidentimiz sogʻliqni saqlash tizimida mahallalarga biriktirilgan umumiy amaliyot shifokorlari malakasini oshirish va patronaj xizmatlarini yoʻlga qoʻyishga katta ahamiyat qaratish kerakligini koʻp bora taʼkidlaganlar. Tumanimiz aholisining salomatligini muhofaza qilish va sogʻlom turmush targʻibot ishlaridan fuqarolar juda mamnun.
Tuman aholisining salomatligi va sogʻlom turmush tarzini olib borishdagi amalga oshirilayotgan ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi xalq qabulxonasi xodimlari tomonidan muntazam ravishda nazoratga olingan.
Shavkat MURZAJONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahar
Chilonzor tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri