“Bizga maktab kerak" yoxud zamon Avloniysi

    Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida shu nomli spektakl premyerasi boʻlib oʻtdi.

    Zamon Avloniysi deya taʼrif berilgan Oʻzbekiston Xalq oʻqituvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi, “Qorakoʻl maktabi” asoschisi Toʻxtamurod Jumayevning hayotiga bagʻishlangan mazkur spektaklga marhum ustozning oila aʼzolari, shogirdlari, “Qorakoʻl maktabi” sobiq bitiruvchilari, taʼlim sohasi xodimlari hamda OAV vakillari tashrif buyurdi.

    Davomiy olqishlar bilan qarshi olingan mazkur sahna asarida millat kelajagi bilan bogʻliq dolzarb mavzuga qoʻl urilgan boʻlib, ustozning ilm yoʻlida bosib oʻtgan mashshaqatli yoʻli aks etgan. Toʻxtamurod Jumayev oʻz orzusidagi maktabni yaratish uchun qanday qiyinchiliklarni boshidan kechirgani, maktabning bugungi kunga kelib erishgan yutuqlari tomoshabinlarning olqishlariga sabab boʻldi.

    Qoʻchqor Norqobil asari, Oydin Abdullayeva musiqasi asosida rejissyor Dilmurod Xaqberdiyev, tomonidan yaratilgan mazkur sahna asari Toʻxtamurod Jumayevning xotirasiga bagʻishlangan boʻlib, real voqealar asosida sahnalashtirilgan.

    Spektakl premyerasi 3-noyabr kuniga qadar davom etadi. Teatr ijodkorlari barcha taʼlim sohasi xodimlarini mazkur spektakl namoyishiga taklif qiladi.

    Teatr jamoasiga taʼlimning mashaqqatli yoʻliga bagʻishlab yaratilgan, ayni paytda oʻta dolzarb sahna asari uchun minnatdorlik bildiramiz!