Mazkur harakatlar natijasida madaniyat va sanʼat sohasi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilyapti, jamiyatda maʼnaviy muhit yuksalayotir, ijodkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilib, milliy madaniyatning raqobatbardoshligi ortmoqda. Shu bilan birga, tarixiy merosni asrash va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish orqali madaniy turizm kengayib, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga ham sezilarli hissa qoʻshmoqda.

Teatr sanʼati shunchaki sahnadagi tomosha emas, balki insoniyatning oʻzini anglash vositasi va yuksak maʼnaviyat maskanidir. Unda hayotiy voqealar, insoniy tuygʻular va jamiyatdagi dolzarb masalalar jonli ijro orqali tomoshabin qalbiga yetkaziladi.

Kino, televideniye yoki internetdan farqli oʻlaroq, teatrda aktyor va tomoshabin oʻrtasida bevosita ruhiy aloqa oʻrnatiladi. Tomosha davomida yuzaga keladigan energiya almashinuvi insonni chuqur mulohaza yuritishga, yaxshilikni yomonlikdan ajratishga chorlaydi. Shu bois, teatr asrlar davomida oʻz jozibasini yoʻqotmay, maʼnaviy poklanish va tarbiya oʻchogʻi boʻlib kelmoqda.

Soʻnggi yillarda yurtimizda teatr ­sanʼa­tiga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik natijasida sohaning rivojlanish ­surʼati sezilarli darajada oshdi. Yangi tashabbus­lar, zamonaviy yondashuvlar va tizimli islohotlar nafaqat ichki imkoniyatlarni kengaytirmoqda, balki xalqaro maydonda ham sohaning mavqeini mustahkamlayotir.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 22-noyabrdagi “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular fao­liyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori soha taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi.

Ushbu hujjat asosida “milliy qahramon” va “inson qadri uchun” mavzularida spektakllar yaratish, dramaturg va rejissyor­lar uchun maxsus mukofotlar joriy etish, taʼlim va amaliyot uygʻunligini kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, teatr jamoalari faoliyatini reyting asosida baholash, nodavlat teatrlarni ragʻbatlantirish, hududlarda gastrol va ­madaniy xizmatlarni kengaytirish kabi koʻp­lab ustuvor vazifalar belgilandi.

Buning samarasini yurtimiz teatrlarida qator jiddiy mavzularda yuksak saviyali spektakllar sahnalashtirilayotganida koʻrmoqdamiz.

2026-yilning 18-19-aprel kunlari Oʻzbekiston davlat drama teatrida premyerasi boʻlib oʻtgan, buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning bebaho adabiy merosi — “Layli va Majnun” dostoni asosida sahnalashtirilgan spektakl ana shunday muhim madaniy voqelik boʻldi.

Bugungi globallashuv davrida turli begona gʻoya va madaniy taʼsirlar kuchayib borayotgan bir sharoitda Navoiy merosi yosh avlodning maʼnaviy dunyosini boyituvchi, milliy oʻzlikni asrashga xizmat qiluvchi bebaho manba sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Bu meros insonni yuzaki koʻngilochar narsalardan koʻra chuqurroq mushohada yuritishga va hayotning mazmuni haqida teran oʻylashga undaydi.

Mumtoz adabiyotimiz durdonalarining teatr sahnasiga olib chiqilishi nafaqat madaniy merosni saqlash, balki uni ­xalqchil tilda qayta jonlantirish vositasidir. Sahnadagi har bir chiqish orqali xalqimizning necha asrlik qadriyatlari, milliy oʻzligi va maʼnaviy ildizlari zamonaviy avlod uchun yangidan kashf etiladi.

Gʻoya muallifi va adabiy maslahatchi — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton, inssenirovka muallifi — Ikrom Iskandar, sahnalashtirish badiiy rahbari — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Olimjon Salimov, sahnalashtiruvchi rejissyor Asqar Xolmoʻminov kabi professional ijodkorlar mehnati mahsuli boʻlgan ushbu asar jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

“Layli va Majnun” dostoni shunchaki ikki yoshning fojiaviy muhabbati haqidagi qissa emas, balki inson ruhining yuksalishi va maʼnaviy kamolot bosqichlarini yoritib beruvchi yuksak falsafiy asardir.

Unda Qaysning Majnunga aylanish jarayoni — insonning oʻz nafsini jilovlashi, dunyoviy manfaatlardan voz kechib, ilohiy ishq va mutlaq haqiqatga intilishi ramziy tilda bayon etilgan. Majnunning sahrodagi uzlatda yashashi uning ichki olamidagi hayvoniy sifatlarni yengib, komil inson darajasiga koʻtarilganidan dalolat beradi.

Asar insonni sadoqat, hayo va qatʼiyat kabi olijanob fazilatlar ruhida tarbiyalaydi. Layli siymosidagi iffat va sabr, Majnun obrazidagi cheksiz fidoyilik va ahdga sodiqlik har bir davr kishisi uchun oʻziga xos axloq maktabi boʻlib xizmat qiladi.

Navoiy bu doston orqali insonning haqiqiy qiymati tashqi koʻrinishi yoki ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki qalbining pokligi va ezgu gʻoyalar yoʻlidagi ruhiy matonati bilan oʻlchanishini uqtiradi.

Spektaklning oʻziga xos tomoni unda Alisher Navoiy obrazining roviy sifatida ishtirok etishidir. Bu, bir tomondan, tomoshabinlarga Navoiy bobomizning ichki kechinmalarini koʻrsatib berish imkonini yaratsa, ikkinchi tomondan, sahna imkoniyatlari yetmaydigan muhim nuqtalarga roviy orqali alohida eʼtibor qaratishga xizmat qilgan. Spektaklda Navoiy tilidan uning turkiy til qudrati va bu tilda yuksak asar yaratish ishtiyoqi haqidagi mashhur baytlari yangraydi.

Bu orqali mutafakkir bobomizning nafaqat ishq kuychisi, balki milliy tilimiz va davlatchiligimiz fidoyisi boʻlgani yana bir bor namoyon etiladi. Spektaklni koʻrgan tomoshabin uning ayni shu jihatlariga ­eʼtibor qaratishi joiz.

Mazkur spektakl tomoshabindan muayyan maʼnaviy tayyorgarlikni talab etadi. Zero, asarni Navoiy ijodidagi ramziylik hamda tasavvufiy kechinmalarni anglamay turib tomosha qilgan inson uni Shekspir asarlari ruhida yaratilgan fojiali sevgi qissasi sifatida qabul qilishi mumkin. Aslida, bu asar inson ruhining yuksaklikka intilishi, ilohiy ishq va komillik ifodasi sifatida talqin etilgan.

Mazkur spektaklni Shekspirning “Romeo va Julyetta” fojiasiga qiyoslash mumkin, biroq ularning mohiyati oʻrtasida ulkan tafovut mavjud. Shekspir tragediyalarida insoniy taqdirlar real hayotiy chizgilar va ehtiroslar fonida tasvirlansa, Navoiy dostonlarida falsafiy mushohada va komil inson gʻoyasi ustuvor. Bu asarlar shunchaki sevgi qissasi emas, balki ramziy maʼnolar silsilasi orqali inson ruhini poklikka, maʼnaviy yuksaklikka chorlovchi bir daʼvatdir.

Rejissyor ilohiy ishq haqidagi doston — “Layli va Majnun”ni sahnalashtirar ekan, uning sahnalarini bejiz “Romeo va Julyetta”ga qiyosan qurmagan. Spektakldagi qahramonlarning niqoblarda chiqishi, ­Romeoning Julyettaga talpingani kabi Qaysning temir konstruksiya yuqorisidagi Layliga talpinishi, ibn Salom va Tibalt kabi qahramonlarning qiyosiy olinishi kabilar Navoiy dostonining nafaqat Sharq afsonasi, balki umuminsoniy qadriyatlar ifodasi ekanini ham anglatadi.

Navoiy dahosi va yuksak badiiyatini sahnaga koʻchirish oson ish emas. Unga mos sahnaviy ifoda vositalarini topish ijodkorlardan katta mahorat talab etadi. Sintetik sanʼat boʻlmish teatrda har bir komponentning oʻz oʻrnida va yuksak saviyada qoʻllanishi, oʻzaro uygʻunligi juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sahna ochilganda uning koʻndalangiga joylashtirilgan, har yerida narvonlari mavjud hamda yuqorisida ishtirokchilarning ijrosi uchun hozirlangan, yuzaga ega boʻlgan ikkita temir konstruksiya sahnani ikkiga ajratib turganini koʻramiz. Ichkarida esa tomoshabinga gʻira-shira koʻrinadigan tarzda ishq kuychilari oʻtiribdi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Munojot Teshaboyeva hamda artistlar ­Zarifa Alimqulova, Nodir Begmurodov, Yunus Asqarovdan iborat bu guruh ijrosidagi hazin qoʻshiqlar, yuraklarni sel qilguvchi nolalar spektaklga ruh bagʻishlagan boʻlib, dostonning tub mohiyatini ochishga xizmat qilgan. Umuman, rejissyorning kompozitor Ayepbergen Otegenov bilan hamkorligi samarali boʻlgan deyish mumkin.

Spektaklda jaranglagan musiqalarda nafaqat sharqona, balki Yevropa ­musiqasi bilan uygʻun kompozitsiyalar ham borki, ular tomoshabinning tasavvurini cheksizliklarga olib ketadi. Sahnaning ortiqcha bezaklarsiz, faqat gʻildirakli ikki qavatli temirlardan iborat ekani ham koʻrsatilajak voqealarning bir hudud, bir davr yoki bir mintaqaga oid emasligini, balki azalu abad afsonasi ekanini jonlantirishga imkon bergan.

Sahnalashtiruvchi rassom Mirjalol ­Xoliqov hamda liboslar boʻyicha rassom Raʼno Xayriddinovaning spektakl badiiy yechimi borasidagi ishlari ham tomoshabin eʼtiborini tortadi.

Ssenografiyadagi minimalizm eʼtiborni ortiqcha narsalardan saqlab, asosan voqealarga, qahramonlar ruhiyatidagi holatlarga qaratishga yordam beradi. Bunda birgina temir qurilma turli funksiyalarda namoyon boʻlib, spektaklning ramziyligini yanada oshirgan. Ayniqsa, spektakl soʻnggida ushbu qurilmaning ikki sevishgan tobuti vazifasini bajarishi hamda ularning qad­rini bilmagan barchaning bu tobut tagidan galma-gal oʻtib, goʻyoki ularni qabrga olib ketayotgan holatning ifodalanishi juda taʼsirli boʻlib, spektaklning badiiy-gʻoyaviy jihatini ochuvchi muhim nuqtadir.

Spektaklda tomoshabinlarning eʼti­borini tortuvchi asosiy vosita — aktyor­lar ijrosi. Oʻzbekiston xalq artisti Aziza Begmatova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Ilhom Berdiyev, ­Madina ­Toʻxtayeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Egamberdi Rahimov, shuningdek, Sirojiddin Sattorov, ­Nodir Muhammadjonov, Bekzod Zokir­jonov, Husniya Toʻramurotova, Buoysha Ibrohimova, Poʻlat Normatov, Yunus Asqarov, ­Shukurjon ­Soʻfiyev kabi isteʼdodli aktyorlar tomonidan ijro etilgan rollar spektaklning badiiy taʼsirchanligi yanada oshishiga xizmat qilgan. Har bir aktyorning obrazga chuqur kirib borishi, sahnadagi tabiiy harakatlari va his-tuygʻularni ishonarli ifodalashi eʼtirofga loyiq.

Ushbu spektakl premyerasi oʻzbek ­teatr sanʼatining kelajagiga yuksak umidni jonlantirdi. Zero, spektakl zabardast rejissyor Bahodir Yoʻldoshevning hammaslagi rassom Georgiy Brim bilan tandemdagi koʻplab ishlari, jumladan, Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni asosida (Shuhrat Rizayev inssenirovkasi) sahnalashtirilgan “Iskandar” spektaklini teatr muxlislari yodiga soldi. Har ikkala ­spektaklda ham tasavvufiy falsafa, inson umri va uning mazmuni borasidagi mushohada yorqin namoyon boʻladi.

Shuningdek, Asqar Xolmoʻminov ayni spektakl orqali oʻzbek teatrining rejissyor­lik anʼanalarini tiklaganday boʻldi. Shu oʻrinda bunday xulosalar tasodifiy emasligi va teatr sanʼati rivoji uchun yetuk rejissyorlar yetishtirib berish muhim ekanini anglab, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida rejissyorlarni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratib kelinayotganini taʼkidlash joiz.

Bu borada Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Olimjon Salimov, Oʻzbekiston xalq artisti Valijon Umarovning talaba yoshlarga saboq berish uchun institutga jalb etilgani taʼkidlangan ezgu maqsadlarning ifodasi deyish mumkin.

Teatr sahnasidagi mumtoz obrazlar jamiyatda olijanob fazilatlar va yuksak estetik did tantanasiga xizmat qiladi. Ushbu spektakl tomoshabin uchun chinakam maʼnaviy ozuqa va milliy gʻurur manbai boʻlib qolgusidir.

Yana taʼkidlash joizki, bugungi murakkab va tezkor axborot oqimlari davrida teatr sanʼati insonni ichki sukunatga, tafakkur va mushohadaga chorlaydigan noyob makon sifatida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, mumtoz merosimizni sahna talqinida namoyish etish orqali yosh avlod ongida milliy oʻzlikni mustahkamlash, yuksak maʼnaviy qadriyatlar ruhida tar­biyalash imkoniyati kengaymoqda. “Layli va Majnun” kabi asarlar sahnada jonlanar ekan, ular nafaqat estetik zavq bagʻishlaydi, ­balki inson qalbida ezgulik, sadoqat va poklik kabi tuygʻularni uygʻotib, jamiyat maʼnaviy immunitetini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bu sahna asarini koʻrgan har bir tomoshabin Navoiyni oʻqigan boʻlsa, tasavvurlari yanada teranlashadi, bordiyu chuqur oʻrganmagan boʻlsa, uni oʻrganishga ishtiyoqi oshadi. Pirovardida esa u ham teatrga, ham adabiyotga oshno boʻladi.

Shu nuqtayi nazardan, teatr jamoalari zimmasiga yanada katta masʼuliyat yuklanadi. Har bir sahna asari tomoshabinga nafaqat zavq, balki fikr, savol va ichki oʻzgarish olib kelishi lozim. “Layli va Majnun” spektakli ana shunday asarlar sirasiga kirib, tomoshabinni oʻz ruhiy olamiga nazar tashlashga undaydi.

Nodirbek SAYFULLAYEV,

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat

instituti rektori, professor