Biznes-ombudsman: Tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yoʻl qoʻyilmaydi

    Dolzarb 21 Sentabr 2025 837

    Tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Mazkur holat tadbirkorga nisbatan taʼqib sifatida baholanadi, deya munosabat bildirdi Biznes-ombudsman.

    Eslatib oʻtamiz, avvalroq Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi qurilish sohasidagi korrupsion holatlar haqida fikr bildirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamadov ustidan IIVga rasman ariza topshirganligi toʻgʻrisida xabar bergan edik. Biznes-ombudsman mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.

    Munosabatda tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yoʻl qoʻyilmasligi hamda mazkur holat Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorga nisbatan taʼqib sifatida baholanishi aytilgan.

    Shuningdek, xabarda har bir tadbirkorning erkin faoliyat yuritishi va ularning huquqlariga rioya etilishi qonun bilan kafolatlanganligi va shu bois, tadbirkorlar duch kelgan muammolarni hal etish Biznes-ombudsmanning ustuvor vazifasi sanalishi ham eslatib oʻtilgan.

    «Biznes-ombudsman barcha davlat organlarini tadbirkorlarning fikrlarini tinglash va biznes yuritishga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni hal etish boʻyicha konstruktiv yechimlarni birgalikda izlashga chaqiradi.
    Shuni alohida taʼkidlash joizki, tadbirkorlarning ochiq fikr bildirishlari va tanqidiy mulohazalari hukumat islohotlarini yanada takomillashtirishga va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
    Agar tadbirkor soha rivoji yoʻlida fikr bildirsa, bu holat tanqid va jazoga sabab boʻlmasligi lozim. Aksincha, bunday fikrlar muammolarni hal etish uchun imkoniyat sifatida qabul qilinishi zarur«, deyiladi xabarda.