Farmonni qabul qilishdan asosiy maqsad etib tadbirkorlarning maʼmuriy xarajatlarini 90 mlrd soʻmgacha qisqartirish, davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik jarayonlarida 15 kungacha vaqtini tejash belgilandi.
Farmonga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda bir vaqtning oʻzida quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
- elektron raqamli imzo kalitini berish;
- bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;
- ayrim faoliyat turlari boʻyicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish;
- koʻchmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
- QQS toʻlovchisi guvohnomasini olish;
- onlayn nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazish;
- yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobga qoʻyish.









