“Biznesni rivojlantirish banki” 132 mingdan ortiq fuqaroni tadbirkorlikka jalb qildi

    Bu haqda bank tomonidan “Mahallabay ishlash tizimi: natijalar va rejalar” mavzusida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy etilgan mahallabay ishlashning yangicha tizimi aholini daromadli qilish va ularni biznesga jalb etishda muhim oʻrin tutayotgani taʼkidlandi.

    Ayni paytda “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga biriktirilgan 614 ta mahallada 232 ta mahalla bankiri va 614 ta yordamchi agent faoliyat olib bormoqda. Ularning mahallalardagi biznes imkoniyatlarni oʻrganish, aholi gʻoyalarini loyihalarga aylantirish, moliyaviy savodxonligini oshirish hamda biznesga jalb etish boʻyicha faoliyati natijasida hisobot davrida 214 ming nafardan ortiq aholi daromadli mehnat bilan taʼminlandi.

    Joriy yilning 9 oyi davomida bank tomonidan 73 ming 562 nafar aholini doimiy ishga joylashtirish rejalashtirilgan boʻlib, amalda 81 ming 871 nafarga yoki 111 foizga ijrosi taʼminlandi.

    Shu bilan birga 132 ming 137 nafar aholi tadbirkorlikka jalb qilindi va bu boradagi reja koʻrsatkichlari 116 foizga bajarildi.

    Oʻtgan davrda tadbirkorlik subyektlari bilan jami 1 026 ta uchrashuv oʻtkazildi. Ularda kelib tushgan 4 ming 282 ta murojaatlarning ijobiy hal etilishi natijasida 5 515 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Shuningdek, bankka biriktirilgan mahallalarda jami 22 ming 78 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Buning natijasida 45 ming 497 nafar ish oʻrni yaratildi.

    Anjumanda qayd etilishicha, bankga biriktirilgan mahallalarda kichik va oʻrta biznes yoʻnalishida 3 trln 484 mlrd 200 mln soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi.

    “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida esa 541 mlrd 900 mln soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi va reja-koʻrsatkichlar 123 foizga bajarildi.

    “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 243 mlrd. 500 mln. soʻm, “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida 796 mlrd. 300 mln. soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.

    Matbuot anjumanida bank masʼullari “Biznesni rivojlantirish banki” kelgusida ham aholini tadbirkorlikka jalb qilish, biznes loyihalarni moliyalashtirish, zamonaviy xizmatlarni koʻrsatish orqali xalqimiz va mijozlar ishonchini qozonishga intilishini bildirdilar.

    Bank axborot xizmati