Bu galgi muloqotda “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 2025-yildagi faoliyati natijalari muhokama qilindi.
Qayd etildiki, yakunlanayotgan yil davomida bank barqaror oʻsishni taʼminlab, aktivlarini 38 trillion soʻmga yetkazdi, oʻsish surʼati 118 foiz boʻldi. Kredit portfeli 25 trillion soʻmga, depozitlar esa 15 trillion soʻmga yetkazildi. Bugungi kunda biznes va chakana segmentlarda 1 mln dan ortiq mijozga xizmat koʻrsatilmoqda. Tadbirda bu raqamlar ishonchli hamkorlik va uzoq muddatli munosabatlar natijasi ekani alohida taʼkidlandi.
2025-yil bank uchun oʻzgarishlar va samara yili boʻldi. Bank strategiyasi doirasida 34 ta loyiha muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Agile, Kanban va Kaizen yondashuvlari joriy qilinib, mahsulotlarni bozorga chiqarish tezlashdi, xodimlar unumdorligi va oʻzgarishlarga moslashuvchanlik oshdi.
Biznesni rivojlantirish banki xizmatlari hududiy va operatsion jihatdan kengaydi. Bugun mamlakat boʻylab 75 ta sotuv nuqtasi va 323 ta 24/7 formatdagi xizmat shoxobchasi faoliyat yuritmoqda. Taʼkidlanganidek, bank mijozlarga ham vaqt, ham joy jihatidan yaqin boʻldi.
Kreditlarni koʻrib chiqish va maʼqullash jarayonlari avtomatlashtirildi. Natijada kredit kutish vaqti 5 soatdan 30 daqiqagacha qisqardi.
Birgina bankning mobil ilovasida sessiyaviy va tranzaksion antifrod tizimlari joriy etilgani natijasida real vaqt rejimida shubhali harakatlar aniqlanib, 14 milliard soʻmdan ortiq mijozlar mablagʻlari firibgarlikdan himoyalandi va bankning operatsion, shuningdek, reputatsion risklari sezilarli darajada kamaydi.
Kredit portfelining sifati ustidan nazorat oshirilib, muammoli aktivlar bilan ishlash tizimi qayta koʻrib chiqildi. Erta aniqlash, monitoring va undirish mexanizmlari kuchaytirildi. Natijada muammoli qarzdorlik bilan ishlash jarayonlari tizimli va markazlashgan shaklga oʻtkazildi, aktivlar sifati yaxshilandi va bank balansining barqarorligi mustahkamlandi.
Xalqaro moliya institutlari bilan ishlash doirasida bank tomonidan 357,1 mln. AQSH dollaridan ortiq resurslar jalb qilindi. Muloqotda bu Biznesni rivojlantirish bankining barqaror moliyaviy koʻrsatkichlarining samarasi ekanligi bildirildi.
Biznesni rivojlantirish banki “Doʻstlar klubi”da bankning oʻtayotgan yildagi ijobiy natijalari eʼtirof etilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida fikr-mulohazalar oʻrtaga tashlandi. Taʼkidlanganidek, 2026-yil bankdagi transformatsiyaning birinchi bosqichi yakunlanadigan, barqaror oʻsish va sifatli xizmatlar yanada chuqurlashadigan yildir. Muloqotda jamoatchilik faollari kelgusi yil bank uchun rivojlanishning yangi bosqichi boʻlishini bildirdilar.
Bank axborot xizmati