Tadbirda Sohibjon Alijonovning oila aʼzolari, yaqinlari, ustozlari, hamkasblari, shogirdlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Milliy jurnalistikamizning baquvvat daraxtlaridan biri boʻlgan Sohibjon Alijonov serqirra ijodkor, sohada oʻzining baland soʻzi, oʻziga xos uslubi, loʻndalik va masalani oʻquvchiga tushunarli va ravon tilda yetkazib berish qobiliyati bilan oʻquvchilar eʼtirofiga sazovor boʻlgan edi.
U maqola sarlavhalarini nigoh tushgandayoq oʻquvchini jalb eta oladigan tarzda topar, avval-boshdanoq jumboqli savol qoʻyar, ijtimoiy-siyosiy mavzular ichiga chuqur kirar edi. Maqolalari hajmi sahifa-sahifa boʻlmasa-da, lekin bir dunyo maʼno va mazmunga ega, salmogʻi tosh bosadigan, hikmatli-ibratli qilib oʻquvchiga yetkazib berardi.
Ushbu kitob ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismidan muallifning eng sara maqolalari, hikoyalari, efirdagi suhbatlari va koʻrsatuvlarining matni, ikkinchi qismidan esa muallifning ustozlari, hamkasblari va yaqin doʻstlari tomonidan u haqida bildirilgan xotiralar hamda ibratli mulohazalar joy olgan.
Taqdimot yakunida ustozning hamkasblari, shogirdlari Sohibjon Alijonovni xotirlab, “U qayerda boʻlmasin, qaysi lavozimda ishlamasin, eng avvalo, shu oddiy xalq uchun, uning manfaatlari uchun, jonajon Vatanimiz ravnaqi yoʻlida xizmat qildi. U katta-kichik rahbapy amaldorlar, turli soha vakillari, oddiy odamlar bilan juda tez til topishadigan, nihoyatda mushohadali jurnalist edi”, — deya, yodga olishdi.
Zulxumor AKBAROVA