Bloger Farhod Mannopovning oʻlimi bilan bogʻliq jinoyat ishi boʻyicha sud hukmi oʻqildi

    Ikki nafar shifokorlar Jinoyat kodeksining bir moddasi boʻyicha aybsiz deb topildi va boshqa modda boʻyicha jazoga tortildi.

    Marhum bloger Farhod Mannopovning oʻlimi bilan bogʻliq jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi oʻqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov maʼlum qildi.

    Bugun, 29-noyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudida A.X. (erkak, 1981-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, “Omad Plyus” MCHJga qarashli “Star Med Centr” xususiy klinikasi otolaringolog, munosib xulq-atvorda boʻlish haqida tilxat tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan) va J.Q. (erkak, 1979-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan, “Omad Plyus” MCHJga qarashli “Star Med Centr” xususiy klinikasida anesteziolog-reanimatolog vazifasida ishlagan, uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan)ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

    Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudining raisi D. Komilov raisligida koʻrib chiqildi.

    Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, oqlandi.

    Sud hukmiga koʻra, A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga Jinoyat kodeksining 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qoʻllagan holda 2-yil tibbiyot sohasida tegishliligi boʻyicha otolaringolog va anesteziolog-reanimatolog vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

    Shuningdek, J.Q.ga Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida oʻtash uchun 2-yil tibbiyot sohasida anesteziolog-reanimatolog shifokor vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3-yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.

    Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilindi.