Jumladan, obunachilar soni va auditoriyasi katta boʻlgan bir nechta Internet bloglari orqali Qashqadaryo dovonida texnogen xavf tufayli sodir boʻlgan baxtsiz hodisa videotasvirlari turlicha talqin va tavsiflar bilan keng aylantirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ijtimoiy tarmoqlarda va Internet makonida jamiyatga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi, shuningdek, gʻayrioddiy harakatlarga targʻib qiluvchi yoki undovchi xabarlarni tarqatish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid ekanini eslatib oʻtdi.
Jumladan, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida” Qonunning 12 (1)-moddasiga muvofiq, ...shu jumladan, bloger hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan ...shafqatsizlikni... ifodalaydigan har qanday materiallarni tarqatish taqiqlangan.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 189 (1)-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 130 (1)-moddasida bunday xabarlarni tarqatganlik uchun yoki jarima yoki majburiy jamoat ishlariga jalb qilish yoxud 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan javobgarlikka tortish belgilangan.
«Yuqoridagi baxtsiz hodisa tafsilotlari izchil yoritilayotgan ijtimoiy tarmoq kanallariga ogohlantirishlar yuborilganiga qaramay, ochiq namoyishli kadrlar hamon tarqatilmoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agetligi oʻz vakolati doirasida barcha ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar va sahifalar maʼmurlarini, keng jamoatchilik vakillarini amaldagi qonunchilikka rioya etishga chaqiradi. Qonunchilik talablariga rioya qilinmagan taqdirda tegishli choralar koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinadi!«, deyiladi rasmiy munosabatda.