Bu haqda kompaniya tomonidan tashkil etilgan brifingda aytib oʻtildi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, xorijiy investorlarga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotimizdagi oʻzgarishlarda, odamlar turmush tarzida oʻz aksini topmoqda.  Oʻz navbatida, davlat siyosati mohiyatini chuqur anglab, oʻz salohiyatini toʻgʻri baholagan holda ishga puxta yondashayotgan, strategiyasini, maqsad va vazifalarini aniq belgilab olgan va eng muhimi bu orqali Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib ulush qoʻshishni bosh maqsadi, deb bilgan kompaniyalar yuqori marralarni zabt etaveradi.

BMB Trade Group investitsion-konsalting kompaniyasini, shubhasiz, ana shunday biznes subyektlari biri, deyish mumkin. Kompaniya 2017-yil 4-aprelda tashkil topgan boʻlib, bugungi kunga kelib uning xizmatlaridan 1000 dan ortiq xorijiy kompaniyalar foydalanib kelmoqda.

Kompaniyaning asosiy faoliyat yoʻnalishlari investitsiyaviy loyihalar uchun konsalting xizmatlarini koʻrsatish, xalqaro biznes va savdo aloqalarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va zamonaviy agrosanoat klasterlarini yaratishga asoslangan.

Oʻtgan qisqa davr mobaynida kompaniya iqtisodiyotning turli jabhalariga dadil kirib bordi hamda jamiyatlar va korxonalar taʼsis etdi. Jumladan:

  • qulay agrobiznes muhitini va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan, mamlakatimizda tadbirkorlar iqtisodiy munosabatlarida tendensiyaga aylanib borayotgan agrosanoat integratsiyasining zamonaviy tadbirkorlik vakili – klasterlar faoliyati sohasida (oziq-ovqat, meva-sabzavot va dorivor oʻsimliklar klasterlari – BMB AGRO, BMB SHIFO, BMB AGROKLASTER, BMB OPERA ZAFFERANO Oʻzbekiston – Italiya QK, BMB AVAS GROUP Oʻzbekiston – Tojikiston QK);
  • yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini birlamchi va chuqur qayta ishlash xamda logistika xizmatlarini koʻrsatish korxonalari tashkil etish (BMB LOGISTIC, BMB NRC AGROLOGISTICS Oʻzbekiston –Rossiya QK);
  • eksport va import sohasida (BMB IMPEX);
  • turizm yoʻnalishida (mehmonxona va restoranlar tarmogʻi BMB GLOBAL SAYOHAT, BMB HOTEL TASHKENT, BMB HOTEL JIZZAX, BMB RESTAURANT TASHKENT, BMB RESTAURANT JIZZAX);
  • transport va logistika obyektlarini qurish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish (BMB HIGH-TECH);
  • cogʻliqni saqlash va sogʻlomlashtirish faoliyati (Boyovut tumani);
  • sportni rivojlantirish bilan bogʻliq bir qator ijtimoiy va iqtisodiy loyihalar (BMB Professional Futsal Club)ni ni tatbiq etib boryapti.

Shuningdek, 1,5 milliard AQSH dollariga teng qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.

Kompaniya tarkibida bugungi kunda 29 ta yoʻnalishda korxona boʻlib, shundan 5 tasi qoʻshma korxona, qolgani esa shoʻba korxonalar hisoblanadi.

— Ochigʻi, kompaniyamizni koʻpchilik bizni agrokompleks yoʻnalishadagi loyihalarimiz, xususan, Baxmal tumanida Zaʼfaron yetishtirish loyihamiz  orqali biladi, — deydi BMB HOLDING Kuzatuv kengashi raisi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Bekzod Mamatqulov. — Vaxolanki, bizning yoʻnalishlarimiz koʻp. Kompaniyamiz tashkil etilganiga olti yil boʻlgan boʻlsa, oʻtgan vaqt mobaynida yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga hamohang tarzda rivojlanib kelmoqda. Bugungi kunda yurtimizda tadbirokrlikka berilayotgan imkoniyat va eʼtibordan oqilolna foydalangan holda, bor investitsiyalarimizni iqtisodiyotimiz rivojlanishi uchun yoʻnaltirishga qaror qildik. 

Bugungi kunda kompaniyalar tizimi kengaygani boshqaruv huquqiy shaklini oʻzgartirishni taqozo etmoqda. Dunyo bozorlariga shaxdam kirib, tan olinayotgan ushbu kompaniyaning tarkibidagi tashkilotlar soni 29 taga yetib, koʻlami sezilarli darajada kengaydi.

Kompaniya kelajakda nafaqat shoʻba va qoʻshma korxonalar aktivlari, balki aktivlari tarkibiga boshqa korxonalarning aksiyalari nazorat paketlari kiradigan aksiyadorlik jamiyati tuzishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Shu bois mazkur kompaniya oʻz tarkibidagi tashkilotlarni jamlab, oldiga qoʻyilgan ulkan vazifalarni amalga oshirish maqsadida xolding shaklida faoliyatga bel bogʻladi.

Shu maqsadda BMB Trade Group kompaniyasi nomi BMB HOLDING nomiga oʻzgartirildi. BMB HOLDING tarkibiga kiruvchi shoʻba va qoʻshma korxonalar faoliyat turi kengayishi va oʻzgartirishlar kiritilgani natijasida ularning nomlari  va faoliyat turlari oʻzgartirildi.

Boshqaruv-huquqiy shaklini oʻzgartirgan xolding endilikda jahon standartlariga munosib ravishda faoliyat koʻrsatayotgan xalqaro moliyaviy institutlar, banklar, yirik xorijiy kompaniyalar bilan keng koʻlamli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida oʻz qamrovini kengaytirish imkoniga ham ega boʻladi.

Rebrendingdan maqsad — Oʻzbekistonda tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar samarasini jahonga yanada kengroq koʻrsatishga munosib hissa qoʻshish, transparentlik (ochiqlik) siyosatini amalga oshirib, mamlakat brendini Yevropa va dunyoning boshqa davlatlariga tizimli ravishda namoyish qilish, faoliyati orqali mamlakatning eksport salohiyatini yuksaltirish, yurtimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali iqtisodiyotga munosib ulush qoʻshishdir.