BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Xalqaro hamkorlik 6 Iyul 2021 478

    2021-yil 6-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir bilan uchrashdi.

    Suhbat davomida Oʻzbekiston bilan BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati hamda istiqbollari, jumladan, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, gender tengligini taʼminlash, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish masalalari toʻgʻrisida fikr almashildi.

    BMT Bosh Assambleyasi raisi Oʻzbekistonda davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT doirasida ilgari surilgan tashabbuslar, shuningdek, Oʻzbekistonning mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga qoʻshayotgan hissasi alohida taʼkidlandi.

    Tomonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shu nuqtayi nazardan, Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish boʻyicha birgalikdagi harakatlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Yaqin kunlarda Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyasida BMT vakillarining ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.