BMT TD Yevropa va MDH davlatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 13 Iyun 2023 1201

    2023-yil 12-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMTTD) Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich bilan uchrashdi.

    Suhbat avvalida Gʻ.Fozilov Dastur vakillarini BMTTD Oʻzbekistonda ish boshlaganining 30 yilligi bilan tabriklab, uning mamlakatimizda jamiyat hayotining turli jabhalarini qamrab olgan loyihaviy faoliyatini yuqori baholadi.

    I.Jivkovich Oʻzbekiston tomoniga yaqin hamkorlik va Tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatini doimiy qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

    Oʻzbekiston va BMTTD oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama etildi. Muzokaralarda 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish kun tartibi hamda 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida aniq qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga urgʻu berildi.

    Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish, xususan, Orol dengizi ekologik halokatining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.