Uchrashuvda Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz bordi. Mamlakatimiz BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining samarali va mustaqil faoliyat yuritishini qoʻllab-quvvatlashi, keyingi davrda BMTning mazkur Boshqarmasi bilan oʻzaro hamkorlik amaliy ruhda izchil rivojlanayotgani qayd etildi.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimiz BMTning ustav va shartnomaviy organlari doirasida inson huquqlari sohasi boʻyicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarib kelmoqda.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar oʻzaro hamkorligini, milliy maʼruzalar tayyorlanishi, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kengaytirilishini taʼminlovchi davlat organi hisoblanadi.
Milliy markaz aholining huquqiy savodxonligini oshirishga koʻmaklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Joriy yil 30-aprelda referendumga qoʻyiladigan «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mohiyati va ahamiyati haqida ham fikr almashildi.
Qonun hujjatlarini inson huquqlari nuqtai nazaridan takomillashtirishda jinoiy jazo koʻzda tutilgan ayrim normalarni imkon qadar kamaytirish yoki yumshatish bu borada kutilgan ijobiy natijalarni berishi qayd etildi. F.Tyurk oʻzi rahbarlik qilayotgan BMT Boshqarmasi ushbu yoʻnalishdagi qonun loyihalarining xalqaro andozalarga qanchalik mosligini oʻrganib, tegishli tavsiyalar berishga hamisha tayyor ekanini maʼlum qildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi
matbuot xizmati.