Mintaqaviy yigʻilishning maqsadi – Osiyo va Tinch okeani mintaqasida xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiya boʻyicha global shartnomani amalga oshirishdagi kamchilik va yutuqlar jumladan, koronavirus pandemiyasi oqibatlarini oʻrganish.

Yigʻilishda Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi aʼzolari, hukumatlararo tashkilotlar, BMTning organlari, ixtisoslashgan muassasalari va fondlari, nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati hamda boshqa tegishli manfaatdor tomonlar vakillari ishtirok etmoqda.

Ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston tomondan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari - Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova onlayn tarzda ishtirok etmoqda.

Mazkur nufuzli tadbirning joriy yil 11-mart kungi sessiyasida mavzu yuzasidan Oʻzbekiston tajribasi toʻgʻrisida Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova soʻzga chiqdi.

Taʼkidlanishicha, COVID-19 pandemiyasining global avj olishi migrantlar sogʻligʻi uchun xavf-xatarni kuchaytirdi, migrantlar boʻladigan va kirib chiqadigan tranzit mamlakatlar sogʻliqni saqlash tizimlaridan va boshqa ijtimoiy himoya tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarining yetishmasligi ularning ahvolini qiyinlashtirdi. Pandemiya va karantin rejimining iqtisodiy taʼsiri, ayniqsa, migrantlarga sezilarli boʻldi.

Vaziyat shuni koʻrsatadiki, har bir davlat migratsiya siyosatini amalga oshiradi va migratsiya bilan bogʻliq oʻz tajribasiga ega, lekin hech bir davlatning yolgʻiz oʻzi migratsiya tufayli kelib chiqadigan muammolarni hal qila olmaydi. Milliy migratsiya siyosati qachon muvaffaqiyatli boʻladi, qachonki, butun jamiyat va barcha davlat tuzilmalari jalb qilgan holda xalqaro migratsiya sohasida inson huquqlari va xalqaro huquq boʻyicha majburiyatlarni hurmat qilishga asoslangan holda xalqaro hamkorlikni olib borsagina bunga erishish mumkin.

Oʻzbekistonda ham migrantlar huquqlarini kafolatlash yuzasidan qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2020-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini takomillashtirish, chet elda ishlashni istagan shaxslarni oʻqitish, chet elda boʻlish paytida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, ish bilan taʼminlash, shuningdek qaytib kelgan mehnat muhojirlari, ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish maqsadida 10 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasida uch asosiy bosqichni oʻz ichiga olgan uyushgan, xavfsiz va qonuniy migratsiya mexanizmi joriy etilmoqda:

Birinchidan, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirishni istagan shaxslarni ishga joʻnash oldidan bir qator xizmatlarni taqdim etgan holda oʻqitish. Shu jumladan: konsalting, bozorda talab qilinadigan kasbga oʻqitish; tadbirkorlikni oʻqitish; tilni oʻrgatish va boshqalar.

Ikkinchidan, mehnat muhojirlarini chet ellarda huquqiy va ijtimoiy himoyasini taʼminlash. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulliklarida mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha attashe lavozimi tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibida Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, shuningdek tashqi mehnat boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etildi.

Uchinchidan, oʻz vataniga qaytib kelgan mehnat muhojirlarini reintegratsiyasiga yordam koʻrsatiladi. Shunday qilib, Tashqi mehnat migratsiyasi va vataniga qaytib kelgan mehnat migrantlarini qayta integratsiyalash dasturlari boʻlimi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tarkibida ishlaydi. Vataniga qaytib kelgan mehnat muhojirlarining ish bilan taʼminlash uchun aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun kvotali ish oʻrinlari taqdim etiladi. Bandlikka koʻmaklashish xizmatining yangi turi - bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qaytarilmaydigan moddiy yordam shaklida subsidiyalar va grantlar berish joriy etildi.

Migratsiya paytida bolalarni himoya qilish va ularning asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini cheklash bilan bogʻliq xavf katta tashvish tugʻdiradi. Bolaning manfaatlari doimo migratsiya siyosati va amaliyotining markazida boʻlishi kerak. Migratsiya siyosati migratsiya taʼsirida boʻlgan bolalar milliy tizimlardan, shu jumladan himoya, taʼlim, sogʻliqni saqlash, adolat va ijtimoiy xavfsizlik tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi va oilaviy hayot va oilani birlashtirish huquqini hurmat qilishi va qoʻllab-quvvatlashi kerak.

2019-2021-yillarda Oʻzbekiston xorijda boʻlgan, mamlakat tashqarisida qiyin ahvolga tushgan fuqarolarning muammolarini tez va ijobiy hal etish, ularga huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha aniq choralar koʻrdi. Ularni oʻz vataniga qaytishini taʼminladi. Jami 300 nafar bolalar va 100 nafardan oshiq ayollar Oʻzbekistonga repatriatsiya qilindi.

“Suriya va Iroqdagi qurolli toʻqnashuvlardan jabr koʻrgan Oʻzbekiston bolalarining vataniga qaytarilishi va uygʻunlashuvi” toʻgʻrisida hujjat tayyorlandi va ijobiy tajriba sifatida mintaqada tarqatish uchun tavsiya etildi.

Repatriatsiya boshlanishidan oldin Oʻzbekiston hukumati qaytib kelgan oilalar va bolalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan idoralararo tadbirlar rejasini ishlab chiqdi va qabul qildi. Hukumat, shuningdek, javobgarlikka tortilishi mumkin boʻlgan 14 yoshdan oshgan qaytib kelgan ayollar va bolalarga amnistiya toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Ushbu qaror vatanga qaytarilish boshlanishidan oldin qabul qilingan va baʼzi kishilarning qaytib kelish qaroriga taʼsir qilgan omillardan biri boʻlishi mumkin. Bolalarni birinchi navbatda jabrlangan deb tan olish xalqaro huquq va Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga mos keladi.

Migratsiya boʻyicha Global Shartnoma migrantlarning huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan muhim tashabbusdir. Hujjatlarni taqdim etish, odam savdosining oldini olish, muhojirlarning va boshqalarning xavfsiz qaytishi va integratsiyasiga koʻmaklashish kabi hamkorlik Shartnomaning maqsadlariga erishish uchun bolalarning manfaatlari va huquqlari boʻlishi kerakligini taʼkidlash muhimdir. Shartnomani bolalar huquqlari va eng ustun manfaatlarini taʼminlash prizmasi orqali amalga oshirish uchun birinchi darajali va barcha choralarni koʻrish zarur.

Oʻzbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashining 46-sessiyasida soʻzga chiqib, Oʻzbekiston bundan buyon ham xalqaro majburiyatlarni izchil bajarish, shu jumladan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining barchasini toʻliq amalga oshirishda davom etishini bayon qildi.

Yigʻilish oʻz ishini 12-mart kuni ham davom ettirmoqda. Tadbir yakunlari boʻyicha Osiyo va Tinch okeani mintaqasida xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiya boʻyicha global shartnomani amalga oshirishdagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan foydali tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) matbuot xizmati