Ushbu tashabbus ilk bor Davlatimiz rahbari tomonidan 2018-yilning avgust oyida Turkmanistonda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining bo‘lib o‘tgan majlisida taklif etilgan edi. Mintaqaning barcha mamlakatlari ishtirokida ushbu tashabbus amalga oshirilishi ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, «yashil» iqtisodiyot tamoyllarini, ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, cho‘llashish va ekologik migratsiyasining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va mahalliy aholi farovonligini oshirish uchun sharoit yaratishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, BMT shafeligida 2019-yilning 24-25-oktyabr kunlari Nukus shahrida «Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi» shiori ostida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada 28 davlatning ishtirok etgan 150 vakili O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbusni bir ovozdan qo‘llab - quvvatlagani ta’kidlandi.

Ushbu rezolyusiyaning qabul qilinishi Orolbo‘yi mintaqasini barcha sohalarda rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyiha va tashabbuslarni ishga tushirish uchun o‘ziga xos maydonga aylantirish imkonini berishi ta'kidlandi.

Rezolyusiyada belgilangan ustuvor vazifalar, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik inqiroz zonasidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish; mintaqadagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilash; hududda atrof-muhit holatini yaxshilash, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va aholi hayot sifatini oshirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatni qo‘llab-quvvatlash; Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish; ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga, ekologik barqaror iqtisodiy o‘sishga, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llashni keng qamrovli ravishda amalga oshirish masalari qayd etildi.

Qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, vazirlik va idoralar rahbarlariga qisqa muddatlarda qabul qilingan rezolyusiyaning maqsad va vazifalari bilan hamohang istiqbolli innovatsion loyihalar va tadbirlarni qamrab olgan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish topshirildi.

Kelgusi faoliyatning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasini innovatsion rivojlantirishning Bosh rejasini ishlab chiqish, mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish maqsadida innovatsion uslublarni qo‘llash, ijtimoiy sohani rivojlantirishda innovatsion texnologiyalarini qo‘llash, aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda innovatsion mexanizmlarini joriy qilish, iqtisodiyot tarmoqlarida resurlarni tejovchi, yuqori samarali, kam chiqitli va chiqitsiz zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tadbiq qilish, ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish
va Orolbo‘yi mintaqasida ilmiy-innovatsion hamkorlikni amalga oshirish, «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyusiyasini amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlarni jalb qilish hamda Orolbo‘yi mintaqasida innovatsion loyihalarni moliyalashtirishning ichki manbalarini shakllantirish va muvofiqlashtirish belgilandi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari va ekspertlaridan iborat 7ta maxsus ishchi guruhi faoliyatini tashkil etish topshirildi. Ushbu guruhlarning umumiy vazifasi loyihalarni tahlil qilish hamda ularning samarali amalga oshirilishini ta'minlash, shuningdek, «Yo‘l xaritasi»ga kiritish maqsadida taklif va tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.