BMTTD Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari qatʼiyligini olqishlaydi

    Xalqaro hamkorlik 1 Fevral 2023 1084

    2023-yil 31-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Furqat Sidikov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskani qabul qildi.

    Uchrashuvda 2022-yilda raqamli iqtisodiy diplomatiya sohasida Tashqi ishlar vazirligi salohiyatini mustahkamlash boʻyicha qoʻshma loyiha yakunlari sarhisob qilindi.

    Qayd etilganidek, loyiha doirasida xorijiy hamkorlarga tarqatish uchun Yangi Oʻzbekistonning faol iqtisodiy diplomatiyasi konsepsiyasi hamda “New Uzbekistan: Seizing Opportunities” risolasi ishlab chiqilgan.

    Tashqi ishlar vazirligining yosh diplomatlari uchun xalqaro ekspertlar ishtirokida iqtisodiy diplomatiya koʻnikmalarini mustahkamlashga qaratilgan oʻquv seminari hamda “English for Professionals in Economic Diplomacy” maxsus ingliz tili kursi tashkil etildi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekistonning iqtisodiy hayotidagi soʻnggi oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijiy biznes uchun yangi imkoniyatlar haqida raqamli dayjestlar tayyorlandi. Dayjestlar xalqaro ishbilarmon doiralar va diplomatik korpusning 2000 dan ortiq vakillariga tarqatildi.

    Loyiha doirasida iqtisodiy diplomatiyaga bagʻishlangan Telegram kanal ishga tushirildi, ayni paytda uning 3 200 nafar obunachisi bor. “Iqtisodiy diplomatiya” interaktiv veb-portali yakunlashini bosqichida. Mazkur platforma xorijiy kompaniyalar va mahalliy tadbirkorlarni axborot bilan taʼminlashga qaratiladi.

    M.Dimovska soʻnggi yillarda Oʻzbekiston keng koʻlamli islohotlar va ochiqlikning yoʻliga oʻtganini, bu esa, jumladan, Markaziy Osiyoga ham kuchli taʼsir koʻrsatganini taʼkidladi. BMTTD Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi qatʼiyligini olqishlaydi.

    BMT Taraqqiyot dasturi istiqbolli loyihalarni, jumladan, mamlakatimizda boshlangan maʼmuriy islohotlar doirasida amalga oshirish boʻyicha Tashqi ishlar vazirligi bilan faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.