Xalqaro mehnat tashkilotining tadqiqotining natijasiga koʻra, 2020-yilda 114 millionga yaqin kishi ishsiz qolgan. Shu bilan birga, erkaklar bilan taqqoslaganda, ayollar ish yoʻqotishdan koʻproq aziyat chekkan: agar ayollarning 5 foizi ishidan ayrilgan boʻlsa, erkaklar orasida bu koʻrsatkich 3,9% ni tashkil etdi. Inqiroz davomida, dunyoning barcha mintaqalarida, ayollar erkaklarga qaraganda koʻproq iqtisodiy jihatdan passiv boʻlib qolish xavfi ostida edilar.

Yaqinda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish pandemiya paytida mehnat bozorida jabr koʻrganlar orasida erkaklarga qaraganda ayollar koʻp boʻlganligini taʼkidladi. Masalan, ayollarda ishsiz qolish va daromadlarini yoʻqotish ehtimoli 24 foizga koʻproq. “Shundoq ham sezilarli boʻlgan ish haqidagi gender farq oshdi, shu jumladan sogʻliqni saqlash sohasida”, deyiladi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbarining maqolasida.

Oʻzbekistonda pandemiya tufayli iqtisodiyotning koʻplab sohalarida ish bilan band boʻlganlar soni kamaydi. 2020-yil yanvar-iyul oylarida ishsizlik 13,2 foizgacha oʻsdi, 2019-yilning shu davrida bu koʻrsatkich 9,1 foizni tashkil etgan edi. Yoshlar orasida ishsizlik darajasi 20,1%, ayollar orasida 17,4% boʻldi.

25-martda Sirdaryo viloyatida ayollar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va inqiroz oqibatlarini yumshatish boʻyicha hukumatning saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash kabi choralar orqali ayollar va yoshlar bandligini oshirishga yoʻnaltirilgan loyihalarga start berish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Kanadaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari hamda loyiha ishtirokchilari qatnashdi.

BMT Taraqqiyot Dasturi va Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qoʻshma loyihasi doirasida Sirdaryo viloyatidagi tadbirkor-ayollarga grant asosida zarur uskunalar, maxsus texnika va jihozlar taqdim etildi.

Tadbirkor-ayollarga turli xil kasblar, shu jumladan tikuvchilik ustaxonasi, goʻzallik saloni hamda non va makaron mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun tikuv mashinalari, maxsus mebel va jihozlar topshirildi. Bundan tashqari, ayollarni Kasb-hunarga oʻqitish markazi ham ochildi.

Kanada mahalliy tashabbuslar jamgʻarmasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan ushbu loyiha natijasida 100 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi, hozirgi kunda 90 dan ortiq ayollar va yoshlar ish bilan taʼminlandi, deb xabar beradi BMT taraqqiyot dasturi matbuot xizmati.

Shuningdek, Kasb-hunarga oʻqitish markazida shu vaqtgacha 250 dan ziyod ayollar kiyim-kechak dizayni, tikuvchilik, non pishirish va boshqa kasblar boʻyicha treninglarda qatnashib, koʻnikmalarini oshirishdi. Keyingi 6 oy ichida ushbu markazda 1 500dan ortiq ishsiz ayollarning bozorda talab yuqori boʻlgan kasbiy koʻnikmalarga oʻqitilishi kutilmoqda.

Treninglardan oʻtgan xotin-qizlarga kelgusida ishga joylashishi uchun yordam koʻrsatiladi, bu esa bandlikning oshishiga va daromad manbalarining yaratilishiga imkoniyat beradi.