Kecha futbol boʻyicha Belarus chempionatida 28-tur oʻyinlari yakuniga yetdi. Hamyurtimiz Bobur Abduxoliqov toʻp suradigan “Energetik-BGU” Minskda “Dinamo” mehmoni boʻldi. Qizgʻin kechgan bahs mehmonlarning yirik gʻalabasi bilan yakunlandi – 1:4. Biz uchun muhimi, unda Bobur mezbonlar darvozasini ikki bor nishonga olib, gollari sonini 25 taga yetkazdi va taʼqibchilaridan ancha oʻzib ketdi.

Toʻpurarlar bahsida hozircha “Minsk” klubi hujumchisi Vladimir Xvashinsk 19 ta gol bilan B. Abduxoliqovni taʼqib qilib kelmoqda.

Eslatib oʻtamiz, “Energetik-BGU” ayni paytda 57 ochko bilan ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Birinchi oʻrinda borayotgan “Shaxtyor”da 59 ta ochko bor.