Bojxona qoʻmitasi joriy yilning 22-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizga noqonuniy ravishda olib kirilayotgan pirotexnika vositalari yuzasidan bildirilgan eʼtirozlarga nisbatan quyidagilarni maʼlum qiladi.
Bojxona organlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida aniqlangan 67 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati 1 mlrd 55 mln soʻmlik 830 ming dona pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga chek qoʻyishgan hamda ashyoviy dalil tariqasida olib qoʻyishgan.
Shuningdek, pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bogʻliq aniqlangan holatlar boʻyicha joriy yilda 10 ta holatda bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Jumladan, Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro yashash xonadoni belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Natijada, xonadon hovlisida qiymati 407 million soʻmlik 2 turdagi jami 5 mingdan ziyod pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. Yana bir holatda, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Uchtepa tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro R.N. tomonidan “shartli xaridor”ga 9 dona karton qutilarda va 1 dona polietilen paketda boʻlgan, umumiy qiymati 100 mln soʻmlik, 264 ming dona pirotexnika vositalarini sotayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.
Shuningdek, Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan Navoiy shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 110 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi.
Aniqlangan holatlar tahlil qilinganda, bu turdagi vositalarni asosan bojxona nazorati oʻrnatilmagan aylanma yoʻllar, murakkab joylashuvga ega chegaradosh hududlardan olib oʻtishga urinishmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston hududida pirotexnika buyumlari muomalasi sohasida davlat nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 1-dekabrdagi 724-son qaroriga muvofiq, xavflilikning II klassiga tegishli maishiy pirotexnika buyumlarining jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yaratilishi, ishlab chiqarilishi, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi, tashilishi, realizatsiya qilinishi, sotib olinishi, saqlanishi va foydalanilishi taqiqlangan.
“Shu oʻrinda yurtdoshlarimizdan pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga doir holatlar yuzasidan bojxona organlarining 1108 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlarini soʻraymiz. Murojaat qilgan shaxsning anonimligi kafolatlanadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Bojxona qoʻmitasi bojxona organlari faoliyatiga doir xolis va haqqoniy xabarlarni eʼlon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan oʻzaro hamkorlikka doimo tayyor ekanligini maʼlum qiladi”, deyiladi xabarda.