10-dekabrda Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar bojxona xizmatlarining huquqni muhofaza qilish tuzilmalari rahbarlari qoʻmitasining navbatdagi 21-majlisi boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan majlisda Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, va Oʻzbekiston bojxona xizmatlarining masʼul vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda MDHga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlarining huquqni muhofaza qilish yoʻnalishidagi faoliyatini rivojlantirish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan Strategiyasi loyihasini koʻrib chiqildi.

Mazkur hujjat oʻzida bojxona xizmatlarining huquqni muhofaza qilish yoʻnalishidagi faoliyatini rivojlantirishning umumiy maqsadlari, asosiy yoʻnalishlari va vazifalarini aks ettiradi.

Shuningdek, MDHga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlarining huquqni muhofaza qilish tuzilmalari rahbarlari qoʻmitasining yangi tahrirdagi Nizomi, qoʻmitaning 2021-yilga moʻljallangan ish rejasi videokonferensiya davomida atroflicha muhokama qilindi.

30 banddan iborat Reja nafaqat oʻzaro hamkorlikning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, bojxona sohasida jinoyatchilikning oldini olishda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi, balki mazkur maqsadda bojxona qonunchiligi buzilishini aniqlash va oldini olish boʻyicha aniq tashkiliy va amaliy tadbirlarni ham oʻz ichiga oladi.

Shuningdek, rejada tomonlarning huquqni muhofaza qilishga doir maʼlumotlarni oʻzaro almashishi, bojxona tekshiruvlari va surishtiruv sohasida xodimlarning malakasini oshirish, kinologiya xizmatini takomillashtirish kabi masalalar ham ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugungi tadbir kelgusida mazkur yoʻnalishda oʻzaro ishonchli hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bu esa nafaqat har bir aʼzo davlatlarda, balki butun MDH boʻylab bojxona qonunchiligi buzilishining oldini olish, ayniqsa narkotik moddalar savdosi, tovarlarning noqonuniy olib oʻtish va kontrabandaga chek qoʻyishda hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Yigʻilish yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Eslatib oʻtamiz, MDH aʼzo davlatlar bojxona xizmatlarining kontrabanda va bojxona qonunchiligining buzilishiga qarshi kurashish sohasidagi huquqni muhofaza qilish harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan qoʻmita doimiy kollegial organ boʻlib, 2008-yildan buyon faoliyat yuritadi.

Qoʻmita tarkibida giyohvand vositalarining xalqaro savdosiga, iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish, bojxona tekshiruvlari va surishtiruv masalalari, kinologiya, xodimlarning malakasini oshirish, axborot-tahliliy hamkorlik, internet maydonidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish kabi masalalar bilan shugʻullanuvchi 6 ta ixtisoslashgan ishchi guruhlar mavjud, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.