Bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini sohaviy xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish muhim

    Ijtimoiy hayot 6 Dekabr 2021 1881

    Bojxona maʼmuriyatchiligini xalqaro standartlarga toʻliq javob bera oladigan va hozirgi zamon ilgʻor texnologiyalari yutuqlaridan unumli foydalanuvchi tizimga aylantirish mamlakatimizda investitsion muhit yaratish hamda xalqaro savdoni rivojlantirishning asosiy talablaridan biri sanaladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 17-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyekti ekanligi bayon etilgan.

    Yurtboshimizning “...Tashqi savdo bilan bogʻliq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash zarur. Jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiradigan bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozim. 2020-yilda 3 mingga yaqin standartlarni qabul qilish, ularning sonini 10 mingtaga va xalqaro standartlar bilan uygʻunlashish darajasini 40 foizga yetkazish darkor...” - degan fikrlari TIFni rivojlantirishda xalqaro standartlar implementatsiyasi asosiy masala ekanligini anglatadi.

    Hozirga kelib ISO (International Standard Organization) tashkiloti mahsulot va xizmatlarga doir 23512 ta xalqaro standartni ishlab chiqqan boʻlib, bojxona sohasiga oid standartlari mavjud. Shuningdek, Jahon bojxona tashkiloti hamda Jahon savdo tashkiloti doirasida qabul qilingan “Jahonda savdoni yengillashtirish va xavfsizlikning hadli standartlari (SAFE dasturi)” (2018-y. tahriri), “Chegarani kesib oʻtishda Ye-tijorat hadli standartlari” (2018-y.), “Bojxona protseduralarini soddalashtirish va uygʻunlashtirish toʻgʻrisidagi xalqaro Kioto konvensiyasi” (2018-y. tahriri) va boshqa bir qator normativ hujjatlarda belgilangan bojxona ishini tartibga soluvchi standartlar xalqaro savdoda tartib-taomillarni birxillashtirish va uygʻunlashtirishga xizmat qiladi.

    Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda 5893 ta (yil yakuniga reja 2900 ta) yangi xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan standartlar qabul qilindi, shu bilan birga tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida, bozor iqtisodiyoti mexanizmlariga salbiy taʼsir koʻrsatadigan va maʼnan eskirgan 5981 ta standart amaliyotdan chiqarildi va 3736 ta standart qayta koʻrib chiqildi. Bugungi kunda meʼyoriy hujjatlar fondidagi 30661 ta standartning 14521 tasi yoki 47,4 % xalqaro standartlar bilan uygʻunlashgan. Texnik reglamentlar ishlab chiqish va ularni amaliyotga joriy qilish maqsadida 2020-yilda 4 ta umumiy va 4 ta maxsus texnik reglamentlar qabul qilindi. Jami texnik reglamentlar soni 48 tani tashkil etdi (36 ta umumiy, 12 ta maxsus). Joriy yil yakuniga qadar 6 ta texnik reglament ishlab chiqish belgilangan (2020-yil 1-noyabr holatiga). Bugungi kunda standartlashtirish boʻyicha 135 ta xalqaro texnik qoʻmitalarga aʼzo boʻlindi. Bojxona Ittifoqida amalda boʻlgan 52 ta texnik reglamentdan 25 tasi mamlakatimizda tasdiqlangan texnik reglamentlar bilan uygʻunlashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 29-bobida, yaʼni Xavfni boshqarish tizimi keltirib oʻtilgan boʻlib, unga asosan, BBT “Birinchi tayanch” standartlaridagi 4-standart — Xavfni boshqarish tizimi,
    6-standart — Dastlabki elektron informatsiya, 9-standart — Xavfsizlikni baholash kabi standartlar oʻz aksini topgan boʻlib, hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasida amaliyotda qoʻllanib kelinmoqda.

    2020-yil 9 oylik yakunlariga koʻra davlatimiz bojxona postlarida eksport bojxona rasmiylashtiruviga sarflangan oʻrtacha vaqt 59 daqiqadan, import bojxona rasmiylashtiruviga esa oʻrtacha 3 soat 42 daqiqadan iboratligini koʻrsatmoqda. 2019-yilda rasmiylashtiruv uchun sarf etilgan oʻrtacha vaqt eksportda 53 daqiqani, importda 3 soat 36 daqiqani tashkil etgan. Bu esa “COVID-19” pandemiyasi inqirozi bojxona sohasini ham chetlab oʻtmaganini anglatadi.

    Normativ hujjatlarni xalqaro hujjatlar bilan uygʻunlashtirish yoki unifikatsiya qilishda undagi tushuncha va atamalarning bir xillashtirilishi muhim rol oʻynaydi. Shu boisdan, Jahon bojxona tashkilotining 2018-yilda nashr etilgan barcha bojxona sohasiga oid hujjatlar uchun umumiy boʻlgan “Xalqaro bojxona atamalari lugʻati” asosida milliy bojxona qonunchiligimizdagi Bojxona kodeksi va boshqa hujjatlardagi terminlarning izohiga muvofiqlashtirish lozimligi asoslangan.

    Hozirgi kunda xalqaro standartlarni implementatsiya qilish Kioto konvensiyasiga aʼzo boʻlgach, huquqiy bazani takomillashtirish yoʻnalishida uning standartlari va tavsiyaviy standartlarini ham milliy qonunchilikka joriy qilish dolzarb masalalardan biri boʻlib qolmoqda.

    Xosiyatxon ABDURAHMONOVA,

    Bojxona instituti bojxona xizmati kapitani,

    “Umumhuquqiy fanlar” kafedrasi professori v.b.,

    yuridik fanlar doktori (DSc), dotsent