Toshkent xalqaro aeroportiga xorijiy reys bilan uchib kelgan fuqaroning xatti-harakatlari bojxonachilar eʼtiborini tortdi va ushbu shaxs oʻrnatilgan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

Tekshiruv davomida, yuklar orasida bir qarashda oddiy koʻringan dazmol zamonaviy skaner qurilmasi yordamida bojxona nazoratidan oʻtkazilganda ichida umumiy qiymati 168 million soʻmlik 481,5 gramm tilladan yasalgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekiston hududiga jismoniy shaxslar tomonidan 65 grammdan ortiq boʻlmagan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini bojxona toʻlovlarisiz olib kirish mumkinligi belgilangan, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.