Rahima aya turmush oʻrtogʻi bilan ajralishganiga ham ancha boʻldi. Lekin u oʻgʻlining koʻngliga qaradi, injiqliklariga chidadi. Bir oʻzi tarbiyaladi. Hozir farzandi 29 yoshda. Ammo hayotidan nolimaydi. Yaratganga shukr qiladi.

Aya bir umr kasalxonada oddiy sanitarka, boʻsh paytida esa dalada ishladi. Ammo birovga hayotidan nolimadi. Birovdan yordam soʻramadi. Roʻzgʻori uchun harakat qildi. Uyida sigir, tovuq boqdi, oiladan ortgan tuxum va sut-qatiqni har na deb bozorga chiqardi.

Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Zuhra Mirgʻoziyeva Boʻka tumanida yoshlar muammolarini oʻrganish chogʻida onaxon va uning farzandi toʻgʻrisida eshitib, oilaning holidan xabar oldi.

Xonadon egasi Rahima aya va farzandi bilan oilaning muammolari hamda qiziqishlari boʻyicha samimiy suhbatlashdi. Suhbat jarayonida Zuhriddinning gantel koʻtarishga va koptok oʻynashga xohishini, oyoq kiyim tuzatadigan uskuna boʻlsa, poyabzallarni taʼmirlash niyati borligini sezdi.

Viloyat yoshlari yetakchisi oilaga yordam zarurligini bildi. Rahima aya hayotda haqiqiy qahramon ayol ekanligiga tan berdi. Baʼzilar kabi nogiron farzandini bolalar uyi yoki maxsus maktab-internatlarga topshirmaganiga, butun umrini unga bagʻishlagani uchun ayolning matonatini his qildi. Viloyat sektor rahbarlari bilan maslahatlashib, oilaga yordam berishga qaror qilindi.

Yaqinda Zuhra Mirgʻoziyeva va Yoshlar ishlari agentligi Boʻka tumani boʻlimi rahbari Olimjon Joʻrayevlar «Qulduroq» mahalla fuqarolar yigʻinidagi A.Umarov koʻchasi 1-uyda istiqomat qilayotgan Rahima aya Dadaboyeva xonadonida boʻlishdi.

Zuhriddinga sport anjomlari (gantel, koptok) va televizor sovgʻa qilishdi. Yaqinda unga oyoq kiyim tuzatadigan uskuna berishga vaʼda berishdi. Zuhriddinning quvonchi esa bir olam edi.

Hosil KARIMOV,

jurnalist.