Boks boʻyicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 14 Mart 2022 7719

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ–5280-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi PQ–5099-son qarori bilan tasdiqlangan Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, shuningdek, iqtidorli sportchilarni professional bokschilar sifatida tayyorlash, Olimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarimiz faoliyatini keng targʻib etish maqsadida:

    1. Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida Boks boʻyicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi (keyingi oʻrinlarda – boks maktabi) tashkil etilsin.

    2. Quyidagilar boks maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:

    zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnika hamda oʻquv-mashgʻulot bazalarini yaratish va turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda – Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqalarda Oʻzbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir boʻlgan xalqaro darajadagi bokschilarni tayyorlash;

    xalqaro darajadagi bokschilarni tayyorlash uchun yuqori malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlardan yetakchi mutaxassislarni keng jalb etish orqali boks boʻyicha trenerlar tarkibini mustahkamlash;

    bokschilarning oʻquv-mashgʻulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilgʻor tajribani hisobga olgan holda, oʻquv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan ularni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish;

    bokschilarning professional fazilatlarini rivojlantirish, shuningdek, boksni rivojlantirishning xalqaro talablariga muvofiq holda Oʻzbekiston milliy terma jamoalariga yuqori mahoratli bokschilarni tayyorlash;

    yosh istiqbolli bokschilarni tanlash va tarbiyalash masalalari boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari, olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari, boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablari, sport yakkakurashlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi va boshqa sport-taʼlim muassasalari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish;

    boks boʻyicha milliy terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida oʻquv-mashq yigʻinlari, respublika va mintaqaviy sport musobaqalarini tashkil etish hamda muntazam ravishda oʻtkazib borish, trenerlar hamda bokschilarning kasb mahorati darajasini oshirish uchun tajriba almashish boʻyicha xorijiy boks maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

    3. Belgilab qoʻyilsinki:

    boks maktabi oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi “Sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 410-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiradi, shu jumladan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi;

    boks maktabi oʻz faoliyatini 2022/2023 oʻquv yilidan boshlaydi;

    boks maktabi oʻquvchilarining umumiy kontingenti jami 175 nafarni tashkil etib, ular 5-11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi;

    boks maktabi oʻquvchilarini umumtaʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish ularga eng yaqin joylashgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida amalga oshiriladi;

    boks maktabi oʻquvchilarini yashash uchun jihozlar, sutkalik oziq-ovqat normasi, sport kiyim-boshi va anjomlari, forma bilan taʼminlashda oliy mahorat sport maktablarining normativlari tatbiq etiladi;

    boks maktabi oʻquvchilarini tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovi undirilmaydi hamda oʻquvchilar toʻliq Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oziq-ovqat bilan taʼminlanadi;

    boks maktabi direktori, uning oʻrinbosarlari, trener-oʻqituvchilar, yoʻriqchi-uslubchilar, tarbiyachilar mehnatiga haq toʻlash hamda maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va tarbiyachilar mehnatini ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 275-son qaroriga muvofiq;

    boks maktabi direktori, uning oʻquv va sport ishlari boʻyicha oʻrinbosari, trener-oʻqituvchilar, yoʻriqchi-uslubchilar, tibbiyot xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 211-son qaroriga muvofiq;

    boks maktabi tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

    4. Quyidagilar boks maktabini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

    Davlat byudjeti mablagʻlari;

    faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va maktabning ustavidagi vazifalarga muvofiq boʻlgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

    asosiy mashgʻulotlar oʻtkazilmaydigan vaqtda boʻsh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;

    yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

    qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    5. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov):

    a) uch oy muddatda:

    boks maktabining ustavini tasdiqlash, shuningdek, uni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish;

    boks maktabini zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali pedagog kadrlar hamda trenerlar bilan bosqichma-bosqich toʻldirish choralarini koʻrsin;

    b) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston boks federatsiyasi bilan birgalikda boks maktabida sportchilarni tayyorlash sifati yuzasidan doimiy davlat nazoratini amalga oshirsin;

    v) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda boks maktabining boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarining shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

    g) Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining oʻquvchilarini boks maktabida shugʻullanish uchun jalb etish choralarini koʻrsin.

    6. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi 2022-yil 1-avgustga qadar Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 9-mavzeda joylashgan 259-son umumiy oʻrta taʼlim maktabi hududida zamonaviy boks maktabi tashkil etilishi va jihozlanishini taʼminlasin.

    Boks maktabini tashkil etish va jihozlash uchun Davlat byudjetidan jami 25 milliard soʻm yoʻnaltirilsin.

    Vazirlar Mahkamasi Sportni rivojlantirish, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Moliya vazirliklari bilan birgalikda mazkur band talablaridan kelib chiqib 2022-2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining tegishli parametrlarini qayta koʻrib chiqsin.

    7. Qurilish vazirligi (B.Zakirov) boks maktabining loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida eng maqbul meʼmoriy hamda texnik yechimlar qoʻllanilishini, maktabni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.

    8. Moliya vazirligi boks maktabi faoliyatini saqlash bilan bogʻliq zarur mablagʻlarni 2022-yil respublika byudjetida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida, 2023-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni taʼminlasin.

    9. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov hamda Toshkent shahar hokimi J.A.Artikxodjayev belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2022-yil 14-mart