So‘nggi vaqtlarda mamlakatimiz sportchilarini ko‘plab nufuzli xalqaro turnirlar, Osiyo va Jahon chempionatlaridan yorqin g‘alabalar ila kutib olish odatiy holga aylanib qoldi. Bugun ham tong sahardan Toshkent xalqaro aeroporti sport ishqibozlari bilan gavjum bo‘ldi. Ular boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini tantana bilan kutib olishdi.

Xabaringiz bor, 19-24-aprel kunlari Sankt-Peterburg shahrida boks bo‘yicha «Gubernator kubogi» musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik bokschilar ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimizga 4ta oltin, bittadan kumush va bronza medali bilan qaytib kelishdi.

Ushbu musobaqada qatnashgan bokschilarimizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston boks federatsiyasi, sportchilarning yaqinlari hamda OAV vakillari kutib oldi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.