Ma’lumki, BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi bugungi kunda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Doiraviy konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij bitimi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar jarayonining oliy organi hisoblanadi. Tomonlar konferensiyasi har yili o‘tkaziladi va unda raislik BMT tomonidan tan olingan beshta hududdan biriga navbatma-navbat o‘tadi. Binobarin, 2024-yilda Ozarbayjon 29-Tomonlar konferensiyasi (COP29) raisi etib saylandi. Keng muloqot maydoni sifatida COP29 konferensiyasida 198 mamlakatdan 50 mingdan ortiq ishtirokchi to‘plandi. Mazkur tadbir joriy yil 11-22-noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi.
Qo‘shimcha tadbirda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, xalqaro tashkilotlar, Ozarbayjon va xorijiy davlatlarning davlat organlari hamda ilmiy-ekspert muassasalari vakillari ishtirok etdi. Muhokama davomida ishtirokchilar iqlim o‘zgarishlari tufayli jahon hamjamiyati oldida yuzaga kelayotgan asosiy muammolarga, ularning yosh avlod salomatligiga ta’siriga va ushbu sohadagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash zaruratiga e’tibor qaratdilar.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboev, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi R.Vachirarattanakornkul, Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili devoni rahbari A.Safixanli, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori M.Turg‘unov hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakili S.Abdullaeva ma’ruza qildi.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida bolalar huquqlarini ta’minlash global kun tartibidagi muhim masala ekani ta’kidlandi. Iqlim o‘zgarishi butun dunyoda bolalar huquqlari va farovonligiga keng ko‘lamli va ko‘p qirrali ta'sir ko‘rsatayotgani, ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi, havo va suv sifatining yomonlashuvi, shuningdek, ekologik xavflarning ortishi bilan bog‘liq bo‘lgan ekologik inqirozlar oldida bolalarning zaifligiga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, bir milliardga yaqin bola – butun dunyodagi bolalarning teng yarmi – iqlim xavfi juda yuqori bo‘lgan mamlakatlarda yashaydi. Havoning ifloslanishi, ekstremal ob-havo hodisalari, yuqumli kasalliklarning tarqalishi va atrof-muhitning yomonlashuvi ularning kelajagi uchun asosiy xavflar hisoblanadi. Bolalar global isishga minimal hissa qo‘shishiga qaramay, uning eng jiddiy oqibatlariga duch kelyaptilar. Bugungi kunda deyarli har bir bola kamida bitta ekologik yoki iqlim tahdidiga duchor bo‘lyapti.
O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslarda faol ishtirok etish va ushbu muammolarni hal etish uchun asosiy sheriklar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, «Orolbo‘yi yashil mintaqasi»ni yaratish loyihasini amalga oshirish orqali Orol dengizi ekotizimini tiklash chora-tadbirlari haqida ma’lumot taqdim etildi.
Yurtimizda yosh avlodga ekologik ta’lim berish masalalariga katta ahamiyat berib kelinyapti. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi milliy dastur va Ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi faol amalga oshirilyapti. Bolalar va yoshlar o‘rtasida axborot-ta’lim dasturlari o‘tkazilyapti.
Qo‘shimcha tadbirda ishtirokchilar tomonidan Yangi O‘zbekistonning sa’y-harakatlari samaralari e’tirof etildi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va Samarqand deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasining hujjati sifatida qabul qilingani, shuningdek, mamlakatimiz Bolalar, yoshlar va iqlimga oid harakatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani amalga oshirishda ishtirok etayotgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekistonning ekologik kun tartibi mintaqaviy va global tashabbuslarga integratsiya qilingani xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilayotgani qayd etildi. Tadbir yakunida O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi va tabiatdan barqaror foydalanish sohasida o‘zaro muloqot va tajriba almashishni mustahkamlashga doimo intilib kelayotganiga yana bir bor e’tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.