Anjumanning yakuniy qismida Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi (OMFA) rayosati rahbariyati, adabiyotshunoslar, shuningdek, rasmiy va faxriy mehmonlar ishtirok etdi.
OMFA prezidenti Isa Gabibbeyli o‘zbek mumtoz adabiyotining buyuk vakili Alisher Navoiy merosini birgalikda o‘rganish, bu borada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi va ahamiyati haqida gapirdi. U Bokudagi mazkur xalqaro ilmiy konferensiya muvaffaqiyatli o‘tgani bilan barchani tabrikladi.
OMFA prezidenti Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovga Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining «Adabiyot institutining faxriy do‘sti» unvonini topshirdi. O‘z navbatida, OMFA prezidenti Isa Gabibbeyli va ozarbayjonlik navoiyshunos olim Almaz Ulvi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Alisher Navoiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga qo‘shgan hissasi uchun ozar navoiyshunoslari Ramiz Asker va akademik Teymur Kerimliga ham mukofotlar topshirildi.
Qonferensiyada Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovning ozar tilida chop etilgan «Amir Alisher: hayoti va ijodi» nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.