—Bolalarda koʻp uchraydigan kariyes kasalligi va uning kelib chiqishi sabablari nimalardan iborat?
— Ovqat qoldiqlari chaynov yuzasi yoki tish boʻyin qismlarida yigʻilib qolib, tishlar yuvilganida ular tishning tabiiy chuqurchalarida qolib ketadi. Maʼlum vaqt oʻtib esa tish emalini chiritadi, bu kariyesning boshlanishidir. Ota-ona bolaning tish yuvishini oʻz nazoratiga olishi lozim.
— Tish yuzasiga kumush bilan ishlov berish kariyesdan himoya qila oladimi?
— Sut tishlarida erta boshlangan kariyesni davolashda kumushlash amaliyoti keng qoʻllaniladi. Maʼlum foizdagi kumush eritmasi tish yuzasiga surtiladi va bu kariyesning toʻxtashiga xizmat qiladi. Ammo kumushlashdan soʻng tish emali biroz qorayib qolishi mumkin. Kariyes aniqlangach, bola har olti oyda bir marta stomatolog koʻrigidan oʻtib turishi kerak. Agar tish kariyesi kattalashib borsa, qoʻshimcha ravishda kumush nitrati surtiladi.
— Bir martalik plomba necha yil xizmat qilishi mumkin?
— Bola sut tishlariga qoʻyiladigan plombalarning bir nechta turi bor. Tish nervi olinganidan soʻng qoʻyiladigan plomba tish ildiz kanalining doimiy tishga almashguniga qadar xizmat qiladi. Tish toj qismiga qoʻyiladigan plomba ovqatlanish paytida xalaqit bermaydi va doimiy tishlar almashguniga qadar yetib beradi. Agar plomba yaxshi turgan boʻlsa, uni almashtirish talab etilmaydi. Plomba tushib qolmaguncha undan foydalanib yuraversa boʻladi.