Bola tunda tishlarini nega gʻichirlatadi?

    Baʼzi bolalar tungi uyquda tez-tez tishlarini gʻichirlatadi. Koʻpchilik ota-onalar bundan tashvishga tushsa-da, shifokorga borishga doim ham shoshilmaydi.

    Xoʻsh, bu qanchalik xavfli? Ushbu holatga qanday omillar sabab boʻladi?

    Mazkur savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim boshligʻi Dinara Doʻstmuhammedova javob berdi.

    — Tishlarni beixtiyor gʻichirlatish tibbiyotda bruksizm deb ataladi, — deydi mutaxassis. — Kichik yoshdagi bolalarda ushbu holat asosan tunda, uxlayotgan paytda kuzatiladi. Odatda u juda qisqa vaqt, yaʼni 10-15 soniya davom etadi. Bola oʻsmir yoshga yetgach, bu holat oʻz-oʻzidan yoʻqoladi. Oʻsmirlar va kattalarda esa tish gʻichirlatish deyarli uchramaydi.

    Bruksizm bola organizmida sodir boʻladigan ayrim jarayonlar sababli yuzaga kelishi mumkin. Xususan, chaqaloqlarda tish chiqishi, kuchli asabiylik, burun bitishi, tepa va pastki tishlar bir-biriga notoʻgʻri birikishi, mavsumiy allergik xastaliklar, OʻRVI, gripp kabi nafas olish yoʻllari infeksiyalari, vitamin va minerallar yetishmasligi, maktab yoshidagi bolalarda dars yuklamalari va baholar haqida tashvishlanish bruksizmga sabab boʻlishi mumkin.

    Koʻpchilik ota-onalar farzandi organizmidagi turli parazitlarni tish gʻichirlatish sababi deb oʻylaydi. Biroq oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, ularning bir-biriga bogʻliqligi aniqlanmagan.

    Tunda tishlarini gʻichirlatadigan bolalarda koʻpincha bosh ogʻrigʻi, lohaslik, uyquchanlik, injiqlik va yigʻloqilik, notinch uyqu, quloqlar bitishi kabi salbiy alomatlar kuzatiladi. Agar bu holat oʻz vaqtida bartaraf etilmasa, tishlar yemirilishi, tezda chirishi, nutqiy buzilishlar paydo boʻlishi mumkin.

    Shu sababli bolani kechiktirmay pediatr yoki stomatolog shifokor koʻrigidan oʻtkazish lozim. Agar bruksizm stress yoki yuqori asabiy qoʻzgʻaluvchanlik natijasida kelib chiqayotgan boʻlsa, psixolog yoki nevropatolog maslahati zarur boʻladi.